19:20 / 10.10.2019
1
12322

Oliy sud Kun.uz’da e'lon qilingan maqolaga munosabat bildirdi

Oliy sud matbuot xizmati Kun.uz nashrida e'lon qilingan «Aybim bor, lekin 9 yil qamoqqa hukm qilinadigan darajada emas». Mahkuma ayol sud hukmi o‘zgartirilishidan umidvor» sarlavhali maqolaga munosabat bildirdi.

«Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2017 yil 24 avgustdagi hukmiga ko‘ra, Sayyora Eltazarova (1964 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma'lumoti - oliy, muqaddam sudlangan) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi, 28,211-moddasi 3-qismi «b» bandi, 228-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari, 25,168-moddasi 3-qismi «v» bandi, 25,28,211-moddasi 3-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Unga 2 yil 2 oy 29 kun muddatga rahbarlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirish belgilangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasining 2017 yil 29 sentyabrdagi ajrimiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2017 yil 24 avgustdagi hukmi o‘zgartirilib, S.Eltazarovaga 2 yil 2 oy 29 kun muddatga rahbarlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

S.Eltazarovaning advokati tomonidan keltirilgan nazorat tartibida dastlabki shikoyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati sudyasining 2019 yil 7 avgustdagi sud qarorlarini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish uchun asoslar mavjud emasligi to‘g‘risidagi ajrimiga ko‘ra rad etilgan bo‘lib, bu haqida tegishli javob xati bilan ma'lum qilingan.

Ayni paytda S. Eltazarovaning himoyachisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga takroran berilgan shikoyati ko‘rib chiqilayotgani ma'lum qilinadi», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati tomonidan Kun.uz’ga bildirilgan munosabatda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top