19:08 / 11.10.2019
0
11022

«O‘zbek matbuoti maqtov va targ‘ibot mashinasiga aylantirilgandi» – Samarqandda OAV erkinligi mavzusida xalqaro konferensiya

«Tanqid qilgan yoki haqiqatni gapirganlar yoqmadi, ularning ovozi o‘chirildi yoki chet davlatga ishlaydigan ayg‘oqchiga chiqarildi».

11 oktabr kuni Samarqandda O‘zbekistondagi OAV erkinligi masalalariga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga a'zo qator mamlakatlarning Venadagi doimiy vakillari, O‘zbekiston davlat boshqaruvi organlari mutasaddilari, jurnalist va blogerlardan iborat jami 50 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Konferensiyada ishtirok etgan Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbir tashkilotchisi – Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov anjuman avvalida nutq so‘zlab, xorijlik diplomatlarga O‘zbekistonda so‘z erkinligi sohasidagi o‘zgarishlar haqida ma'lumot bergan.

«Samarqandga xush kelibsiz. O‘zbekistonga kuni kecha boshlangan tashrifingiz doirasida mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish, gender tengligini ta'minlash borasidagi ishlarimiz bilan yaqindan tanishdingiz. Ruxsat bersangiz, bugun sizlar bilan O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligini ta'minlash borasidagi tadbirlarimiz, maxsus yo‘l xaritasi va uning doirasida amalga oshirgan ishlarimiz va umuman bu sohaga nisbatan qarashlarimiz bilan o‘rtoqlashmoqchimiz.

Kuni kecha Yutubda 1991 yilning oktabr oyida o‘tkazilgan O‘zbekiston parlamenti sessiyasida deputatlarimizning yutuqlari, ularning fuqarolik pozitsiyalarini ko‘rib qoldim. Ishonasizmi-yo‘qmi, men bu videotasvirda so‘z erkinligining haqiqiy va samimiy ko‘rinishiga guvoh bo‘ldim. O‘sha paytda 7 yoshli bola bo‘lganman, lekin aynan o‘sha davr bugun biz qurayotgan demokratik fuqarolik jamiyatining boshlanishi bo‘lgan.

Ammo nima ham bo‘ldiki, bu jarayon uzoqqa cho‘zilmadi va tan olib aytish kerakki, yillar davomida O‘zbekistonda matbuotning roli va o‘rni juda zaiflashib, u faqatgina maqtov va targ‘ibot mashinasiga aylanib qoldi. Tanqid qilgan yoki haqiqatni gapirganlar yoqmadi, ularning ovozi o‘chirildi yoki chet davlatga ishlaydigan ayg‘oqchiga chiqarildi.

Jurnalistika sohasida aksariyat bitiruvchilar boshqa sohalarga ishga o‘tib ketdi. Gazeta va jurnallar faqat majburiy obuna hisobidan kun kechira boshladi. Afsuski, bizga ana shunday og‘ir meros qolgan edi.

 

2016 yil prezident etib saylangan Shavkat Mirziyoyev bu sohani jadal rivojlantirish, O‘zbekistonda matbuot va so‘z erkinligini ta'minlamasdan turib, islohotlarni amalga oshirish mumkin emasligini, davlat organlari xodimlari xalq bilan muloqot o‘rnatgan holda ish tashkil etishlari lozimligini dadil ta'kidlab, matbuotni amalda to‘rtinchi hokimiyat darajasiga ko‘tarish vazifasini qo‘ydi.

Albatta, bu oson ish emasligini va o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmasligini siz juda yaxshi bilasiz, deb o‘ylayman. Ma'lumki, so‘z erkinligi qonun doirasida bo‘lishi va jahonda o‘rnatilgan xalqaro etika qoidalariga rioya qilinishini ham talab qiladi», – dedi Allamjonov.

Mavzuga doir:

Komil Allamjonov: «25 yillik senzuradan qutulgan o‘zbek matbuoti hammani esankiratib qo‘ydi»

«Garri Potterning sehrli tayoqchasi faqat ertaklarda bo‘ladi» – AOKA direktori OAV erkinligini ta'minlash haqida

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top