11:47 / 11.10.2019
1
17546

«O‘zgidromet» Toshkentda havo ifloslanishi ko‘rsatkichlari haqida ma'lumot berdi

Foto: shutterstock.com/ Lukas Bischoff

«O‘zgidromet» Toshkent shahri havosi ko‘rsatkichlari, atmosfera havosi ifloslanishi to‘g‘risida ma'lumot e'lon qildi.

Qayd etilishicha, respublikada atmosfera havosining zararli moddalar bilan ifloslanishi ustidan kuzatuvlar 25 ta shaharda 63 statsionar punktda olib boriladi. Kuzatuv nuqtalaridan olingan ma'lumotlar respublika bo‘yicha umuman atmosfera havosining o‘rtacha ifloslanish darajasi to‘g‘risida xulosa qilishga imkon beradi.

Toshkent shahrida atmosfera havosi kuzatuvlari shaharning 8 ta tumanida joylashgan 13 ta kuzatuv punktida amalga oshiriladi. Shahar xususiyatlarini e'tiborga olib havo ifloslanishi to‘g‘risida ma'lumotga ega bo‘lish maqsadida bu punktlar turli funksional zonalarda, ya'ni turarjoy, sanoat, avtomobil yo‘llari oldida joylashgan.

Atmosfera havosi ifloslanishi chang, oltingugurt dioksidi, azot dioksidi, azot oksidi, karbonat angidrid, fenol, ftorli vodorod, ammiak, formaldegid, og‘ir metallar ko‘rsatkichlari bo‘yicha aniqlanadi. Buning uchun kuzatuv postlarida yakshanbadan tashqari har kuni soat 7:00, 13:00, 19:00 da havo namunalari olinadi.

Havodagi asosiy ifloslantiruvchi moddalar — chang, uglerod oksidi, azot dioksidi, oltingugurt dioksidi va ammiakdir. Ularning o‘rtacha yillik konsentratsiyalari ayrim oylarda ruxsat etilgan me'yorlardan ortib ketadi.

Atmosfera havosi ifloslanish darajasining integral ko‘rsatkichi — bu atmosferaning ifloslanish indeksidir (AII). U eng ko‘p miqdorda mavjud bo‘lgan 5 ta modda bo‘yicha hisoblanadi. Atmosferaning ifloslanish indeksi kuzatuvlar olib borilayotgan muayyan aholi punktlaridagi atmosfera havosining ifloslanish darajasini baholash uchun qulay sanitar-gigiyenik ko‘rsatkich hisoblanadi.

20 yil ichida Toshkent shahri uchun ifloslanish darajasi o‘zgarishlari ko‘rib chiqilsak, 1990 yillarga nisbatan oxirgi 10 yil ichida umuman olganda Toshkent bo‘yicha ifloslanish darajasi pasaygani ko‘rinadi.

1992 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan davrda Toshkent shahrida Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishi dinamikasi (AII)

AII — atmosferaning ifloslanish indeksidir. Agar atmosferaning 5 ta modda bilan umumiy ifloslanish indeksi 14 dan oshsa, havoning ifloslanish darajasi juda yuqori, agar 14>IZA>7 bo‘lsa — yuqori, 7>IZA>5 bo‘lsa — oshgan, IZA <5 bo‘lsa — past hisoblanadi.

Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanish darajasi statsionar va ko‘chma manbalardan ajralib chiqadigan zararli moddalar miqdoriga bog‘liq. Havoga zararli moddalar chiqaradigan asosiy manbalar avtotransport, sanoat korxonalari, qozonxonalar, metallurgiya korxonalaridir.

Statsionar punktlar joylashgan Toshkent shahrining Yunusobod tumanida azot dioksidi, uglerod oksidi, Yashnobod tumanida chang, uglerod oksidi, azot oksidi, Mirzo Ulug‘bek tumanida ko‘proq chang, azot va uglerod dioksidlari, Chilonzorda azot dioksidi, Mirobod tumanida fenol, azot dioksidi, Sergelida formaldegid va azot dioksidi bir martalik maksimal miqdori ruxsat etilgan me'yorlardan yuqoriligi qayd etiladi.

Atmosferada zararli moddalarning to‘planishida shuningdek tabiiy-iqlimiy sharoitlarning (tez-tez kuzatib turiladigan inversiya jarayonlari, atmosferadagi shamolsizlik) va tabiiy xususiyatlarning (quruq iqlim, gilli tuproq va bosh.) ham o‘rni bor.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top