11:52 / 11.10.2019
0
2633

«The Chance» respublika yoshlari forumi o‘tkazildi

O‘zbekistonda yoshlarga bo‘lgan e'tibor kundan-kunga kuchaymoqda. Ayniqsa, bugungi – milliy tiklanishdan milliy yuksalish bosqichiga o‘tish davrida davlat siyosati, butun xalq diqqat-eʼtibori yoshlarni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalashga qaratilgan. Davlat rahbarining e'tibori bilan yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ularni innovatsion fikrlash va zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan o‘z iqtidorlarini rivojlantirishda unumli foylalanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni yetuk mutaxassislar qilib tarbiyalash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha prezident tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus bu boradagi faoliyat uchun dasturilamal bo‘ldi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti jamoasi millat va ma'naviyat universiteti degan ta'rifga munosib tarzda yoshlarning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarida  faol qatnashishi, ularning intellektual, ma'naviy–axloqiy salohiyatini ko‘tarishga alohida e'tibor qaratmoqda. Xususan, universitetda mustaqil talabalar uyushmasi tashkil etilib, uning zimmasiga tengqur yoshlarning faolligini, siyosiy ongini oshirish, ma'naviy-axloqiy fazilatlarni targ‘ib etish, sog‘lom e'tiqodni shakllantirish va prezident tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusni keng targ‘ib etish kabi bir qator vazifalar qo‘yilgan. Mazkur talabalar uyushmasi o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra mamlakatda ilk marta ta'sis etilgan yangicha tuzilmadir. Uning kelajakda mamlakat ma'naviy-ma'rifiy, ijtimoiy-siyosiy hayotida munosib o‘rinni egallashiga umid bildirilmoqda. Mazkur uyushma a'zolari tashabbusi bilan joriy yilning 10 oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida «The Chance» respublika yoshlari forumi o‘tkazildi.

Mazkur forum O‘zbekistonning turli oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni kelajak maqsadlar yo‘lida birlashtirishga yo‘naltirilgan. Ushbu anjuman bugungi kunda yoshlar uchun dolzarb bo‘lgan sakkiz yo‘nalishni qamrab olgan bo‘lib, ular biznes startap, muxtasarlik (minimalizm), axborot texnologiyalari, moddiy  va ma'naviy yuksalish, kitob o‘qish va uqish san'ati, besseller kitob yozish, ijtimoiy reklama va professional fotograflik, blogerlik, shaxs kamoloti va uni  rivojlantirish kabi sho‘'balardan iborat. Har bir yo‘nalishda forum ishtirokchilari o‘z sohasi bo‘yicha ma'lum yutuqlarni qo‘lga kiritgan, barchaga o‘rnak bo‘la oladigan ekspertlarning treninglarida qatnashishdi.

Bu forum yoshlarga o‘z iqtidorlarini namoyish etish, o‘zlarining kuchli jihatlarini aniqlash va kamchiliklari ustida ishlash imkonini berdi. Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar maxsus sertifikat va bir olam taassurotlarga ega bo‘lishdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top