17:10 / 11.10.2019
1
19587

Transport vazirligi «Toshkent-Samarqand» va «Toshkent-Andijon» pulli yo‘llari bo‘yicha ma'lumot berdi

Bugun, 11 oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Transport vazirligi rahbar va mas'ul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda avtomobil va daryo transportini rivojlantirish departamenti boshlig‘i Ruslan Ro‘zimetov, Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Murodjon Abidov, Texnik siyosatni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Asrorov ishtirok etishdi.

Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, prezidentning 2019 yil 1 fevraldagi Farmoni bilan tashkil etilgan Transport vazirligi O‘zbekiston Respublikasida yagona davlat transport siyosatini yurituvchi davlat organi hisoblanib, unga quyidagi vazifalar yuklatilgan: yagona tarif siyosatini yuritish, xalqaro transport koridorlarini tashkil etish, transport logistika sohasiga axborot texnologiyalarni joriy qilgan holda ularni rivojlantirish, yagona texnik nazoratni yuritish kabilar.

Yangi vazirlikning tashkiliy tuzilmasiga hududiy transport boshqarmalaridan tashqari, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Fuqaro aviatsiyasi agentligi, Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchi tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi, Yo‘l qurilish ishlarini nazorat qilish inspeksiyasi, «O‘zaeronavigatsiya» markazi kabi tashkilotlar kiritildi. Bundan tashqari, vazirlik qoshida Transport va logistika muammolarini o‘rganish markazi tashkil etildi. 

Vazirlik tomonidan transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining «Transport to‘g‘risida»gi Qonuni loyihasi ishlab chiqilgan. Hozirda mazkur loyiha Adliya vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Aholini sifatli avtotransport xizmatlari bilan ta'minlash, ayniqsa qishloq aholi punktlarini shahar, viloyat va tuman markazlari bilan bog‘lash maqsadida, 2019 yilda jami 107ta yangi yo‘lovchi tashish avtomobil yo‘nalishlarini tashkil etish belgilangan bo‘lib, joriy yilning yanvar-sentabr oylarida respublika bo‘yicha 74ta (rejaga nisbatan 100 foiz) yangi avtobus yo‘nalishlari tashkil etilgan. «Farg‘ona-Andijon», «Farg‘ona-Namangan» va «Farg‘ona-Beshariq» shaharlararo yo‘nalishlarida muntazam avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yildi. Mazkur yo‘nalishlarda «Uzautotrans service» korxonasi 14ta Yutong rusumli zamonaviy avtobuslarida aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishni boshladi.

Qo‘shni Qozog‘iston Respublikasining turli shaharlariga safarga otlanayotgan Toshkent viloyati tumanlari aholisiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida «Uzautotrans service» korxonasi tomonidan joriy yilning 13 sentabr kunidan e'tiboran «Angren-Olmaota», «Chirchiq-Olmaota», «Chirchiq-Chimkent» xalqaro yo‘nalishlarida muntazam avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Respublikalari o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari namunasi o‘laroq aynan shu kuni «Andijon-O‘sh» yo‘nalishida mikroavtobuslar, 5 oktabr kunidan e'tiboran esa Qirg‘iziston Respublikasining Qizil-Qiya shahri va Farg‘ona shaharlari o‘rtasida avtobus qatnovlari tashkil etildi.

2019 yilning uchinchi va to‘rtinchi choraklarida 22ta avtostansiya va avtovokzallar qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish belgilangan.

Joriy yilning yanvar-avgust oylarida avtomobil transporti, temir yo‘llari, havo yo‘llari va elektrotransportda yuk tashish hajmi – 766,9 mln tonnani (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish surati 103,7 foiz), yo‘lovchi tashish hajmi esa – 3 mlrd. 982 mln. yo‘lovchini (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish surati 102,7 foiz) tashkil etgan. Tadbirkorlarga yaratib berilgan soliq va bojxona imtiyozlari natijasida tashuvchilar tomonidan 4 354ta shatakchi va 4 957ta tirkama va yarim tirkama, shu jumladan, 825ta refrijyeratorli, shuningdek, jami 609ta avtobus, shundan 383ta «Isuzu» rusumli va 226ta «Yutong» rusumli avtobuslar xarid qilingan.

Tadbirda O‘zbekistonda pulli yo‘llar bo‘yicha ishlar qanday bosqichdaligi so‘raldi.

«Toshkent-Andijon» pulli yo‘li bo‘yicha Jahon banki tomonidan grant ajratilgan. Bu masalada «Pricewaterhouse Coopers» xorijiy kompaniyasi loyihaviy o‘rganish ishlarini amalga oshirmoqda. Kompaniya tomonidan «Toshkent-Andijon» pullik yo‘li, shuningdek Qamchiq dovonida 16,4 km.lik tunnel qurish rejalashtirilgan.

«Toshkent-Samarqand» yo‘li loyihasi esa Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki tenderi ko‘magida amalga oshirilmoqda. Umuman, bu tizim biz uchun yangilik bo‘lgani uchun sinchiklab o‘rganilib, loyiha hujjatlari ishlab chiqilmoqda. Rossiya Federatsiyasining «Spektrum» konsultantlar guruhi tomonidan loyiha hujjatlari ishlab chiqish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda», deya vazirlikning yo‘l xo‘jaligini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bahodir Qoraboyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top