12:23 / 13.10.2019
0
14651

Markaziy bankka so‘mning grafik belgisini tasdiqlash va bir nechta yangi vakolatlar berildi

So‘mning ramz tarzidagi grafik belgisi Markaziy bank tomonidan tasdiqlanadi.

Regulyatorning bu vakolati «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririda belgilab qo‘yildi. Qonun juma kuni Senatning 23-yalpi majlisida ma'qullandi.

Qayd etish kerak, boshqa valutalardan farqli ravishda, o‘zbek so‘mining ramz ko‘rinishidagi belgisi yo‘q va bo‘lmagan. Qisqartma sifatida «so‘m», «sӯm» yoki «sum» qo‘llaniladi, UZS - harf belgisi va 860 - raqam belgisi bor.

MDH hududida grafik ramzlar arman drami (֏), Ukraina grivnasi (₴), Ozarboyjon manati (₼), qozoq tengesi (₸), qirg‘iz somi (⊆) va Rossiya rublida (₽) bor.

Qonunga kiritilgan boshqa bir qo‘shimchaga ko‘ra, MB pul belgilarining himoya elementlariga doir talablarni belgilash vakolatiga ham ega bo‘ldi.

O‘zgarishlarga muvofiq, endilikda regulyator muhim sanalarga oid va esdalik pul belgilarini, shu jumladan qimmatbaho metallardan tayyorlangan pul belgilarini muomalaga chiqarishga haqli.

Shuningdek, numizmatika va kolleksiyalash maqsadlarida pul belgilarini sotish Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.

11 oktabr kuni Senatda ma'qullangan qonun prezident imzolab, rasman e'lon qilinganidan so‘ng kuchga kiradi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top