10:50 / 13.10.2019
0
5499

Senat raisi: OTMlarda ona talabalar uchun maxsus xonalar ajratish kerak

O‘zbekistonda davlat muassasalari hamda tashkilotlarida, shuningdek avtovokzallar, aeroportlar va temir yo‘l vokzallarida, madaniy-ko‘ngilochar muassasalarda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirish uchun maxsus ajratilgan joylar bo‘lishi kerak.

Mazkur norma Senatning 23-yalpi majlisida ma'qullangan «Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida»gi qonunda belgilab qo‘yildi.

Qonunning 9-moddasida, shuningdek, bolani emizish uchun maxsus joylar boshqa tashkilotlarda ham tashkil etilishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

«Bu kabi xonani tashkil etishning hech qanday qiyin joyi yo‘q, bitta xonada o‘rtaga to‘siq qo‘yib qo‘ysa ham, shuning o‘zi kifoya. Qo‘shimcha mablag‘ talab etmaydi. Qonun imzolanganidan so‘ng bu boradagi targ‘ibot ishlarini kuchaytiramiz», – deydi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov.

Senat raisi Tanzila Norboyeva vazirning so‘zlariga qo‘shimcha qildi.

«Mumkin degan joyini baribir talab qilishimiz kerak. Oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirayotgan talabalarning ancha qismini qizlar tashkil qiladi, lekin bitiruvchilarni olib qaraydigan bo‘lsak, uzilishlar bor. Ayrim qizlarimiz farzandli bo‘lgach, o‘qishini tashlab ketishi yoki akademik tanaffus olish holatlari ham bor.

Agar oliy o‘quv yurtlarida ham maxsus joylar ajratiladigan bo‘lsa – bitta xona, buning qiyinchilik joyi yo‘q – o‘sha qizlarimizga ham sharoit yaratilgan bo‘lardi. Masalan, onasi yoki turmush o‘rtog‘i kelib, bolasini ovqatlantirib olib ketishi mumkin. Qizlarimiz kechgacha o‘qimaydi-ku baribir.

Shu sharoitlarni mulkchilik shaklidan qat'i nazar barcha tashkilot, korxona, muassasalarda joriy qilish maqsadga muvofiq. Ayniqsa ayollar ko‘proq ishlaydigan joylarda. Targ‘ibotga katta e'tibor berishimiz kerak», – degan Senat raisining so‘zlarini keltirdi Kun.uz muxbiri.

Ma'lumot uchun, qonunga asosan bir yoshgacha bo‘lgan bola – go‘dak, bir yoshdan uch yoshgacha – kichik yoshdagi bola deb yuritiladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top