15:48 / 15.10.2019
1
13672

Komil Allamjonov: «Togri.uz sayti faoliyati to‘xtatilgani siyosiy sabablarga aslo bog‘liq emas»

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov Togri.uz internet nashrining faoliyati to‘xtagani yuzasidan munosabat bildirdi.

«Togri.uz» internet nashrining faoliyati afsuski uzoq vaqt davom etmadi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, «Togri.uz» sayti faoliyati to‘xtatilgani bu ta'sischilarning ichki va shaxsiy masalasi bo‘lib, siyosiy sabablarga aslo bog‘liq emas. 

Shu bilan birga, Agentligimiz yurtimizdagi ommaviy axborot vositalarining soni yanada ko‘payishi, ularning senzuradan xoli, erkin faoliyat ko‘rsatishi tarafdori bo‘lib, buning uchun biz barcha imkoniyatlarni yaratishga tayyor ekanligimizni ta'kidlamoqchiman. 

Axborot makonidagi raqobat va xilma-xillikdan eng avvalo, xalqimiz va davlatimiz manfaatdor bo‘ladi. Xolis, ma'lum bir shaxslar maqsadlari uchun emas, balki el-yurt farovonligiga xizmat qiladigan OAVlar rivojlanaversin va ko‘payaversin!» - deyiladi Komil Allamjonovning munosabatida. 

Eslatib o‘tamiz, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayot yangiliklarini ëritib kelaëtgan «Togri.uz» sayti faoliyati 14 oktyabrda to‘xtadi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, «Togri.uz» jamoasining yig‘ilishi o‘tkazilgan va unda sayt direktori loyihani moliyalashtirish to‘xtatilganini ma'lum qilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top