21:30 / 15.10.2019
0
14431

Yevropa futbolida mojaro. Bolgariya futbol rahbari bosh vazir talabi bilan iste'foga chiqdi

Yevro-2020 saralashi doirasida Bolgariya va Angliya terma jamoalari o‘rtasida kechgan uchrashuvda jiddiy mojaro kelib chiqdi. O‘yin davomida mezbon muxlislar angliyaliklarning qora tanli futbolchilariga nisbatan irqchilik ruhidagi xatti-harakatlar sodir etishdi va ikki marta o‘yin to‘xtatildi. O‘yindan keyin matbuotda ikki tomon vakillari o‘rtasida tortishuv boshlanib ketdi. Bolgariya futbol ittifoqi jiddiy muammolar ichida qoldi.

14 oktabr kuni Sofiyadagi «Vasil Levski» stadionida 2020 yilgi Yevropa chempionati saralashi doirasida Angliya va Bolgariya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi, o‘yin inglizlarning 6:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

O‘yinning birinchi bo‘limida, mezbonlar darvozasiga ikkinchi gol urilganidan keyin o‘yin bolgariyalik muxlislarning harakatlari sababli ikki marta to‘xtatib qo‘yildi. Fanatlar natsistlarga xos bo‘lgan hayqiriqlarni aytishdi, hushtakbozlik qilishdi, Angliya terma jamoasining qora tanli futbolchilari - Rahim Sterling va Tayron Mingzga (bu uning Angliya terma jamoasidagi debyut o‘yini edi) qarata maymuncha ovoz bilan baqirishdi.

Bu holatdan keyin inglizlar jamoasi bosh murabbiyi Garet Sautgeyt va futbolchilarning o‘zi o‘yin hakami xorvatiyalik Ivan Bebekka murojaat qilishdi.

Shundan keyin ham vaziyat o‘zgarmagach, UYeFA vakiliga murojaat qilindi. O‘yin suxandoni fanatlarga murojaat qilib, agar bu holat davom etsa, o‘yin butunlay to‘xtatilishi haqida ogohlantirdi.

Tanaffus vaqtida Bolgariya terma jamoasi sardori Ivelin Popov tribuna tomonga borib, muxlislardan irqchilik qilmaslikni so‘radi.

Bu orada tribunalarni qora niqob taqqan, «ultras» va «Sofiya xuliganlari» yozuvlari tushirilgan liboslar kiygan 50 chog‘li fanat tark etishdi. Ikkinchi bo‘limda bu kabi jiddiy holatlar kuzatilmadi.

«Oddiy bo‘lmagan vaziyatda to‘p surishga to‘g‘ri keldi, 2019 yilda bunday ishlar bo‘lmasligi kerak», — deya qayd etdi o‘yindan keyin inglizlar hujumchisi Markus Reshford. U shuningdek Popovning ishini e'tirof etgan.

Angliya futbol assotsiatsiyasi bolgariyalik muxlislarning harakatlariga «toqat qilib bo‘lmasligi»ni qayd etgan. «Afsuski, bu birinchi holat emas, futbolchilarimiz yana bir bor shunday haqoratlarga duchor bo‘lishdi. Bunday harakatlarga nafaqat futbolda, balki jamiyatimizda o‘rin yo‘q. Biz UYeFAdan zudlik bilan tekshiruv o‘tkazishni so‘raymiz», — deyiladi assotsiatsiya bayonotida.

O‘z navbatida, bolgarlar terma jamoasi bosh murabbiyi Krasimir Balakov angliyalik fanatlarning xatti-harakatiga e'tibor qaratdi. Uning tasdiqlashicha, mehmon muxlislar Bolgariya madhiyasi yangrayotgan vaqtda hushtakbozlik qilishgandi. «Shaxsan men irqchilik mazmunidagi hayqiriqlarni eshitmadim. Hakam o‘yinni to‘xtatganini ko‘rdim. Agar chindan ham shunday bo‘lgan bo‘lsa, biz uzr so‘rashimiz kerak bo‘ladi», — deya vaziyat bo‘yicha fikrini bildirdi Balakov.

Bu o‘yinda Bolgariya terma jamoasi darvozasiga ikki gol urgan angliyaliklar yarimhimoyachisi Rahim Sterling raqiblar murabbiyining bu so‘zlariga javoban shunday dedi: «Bolgariyaga achinaman, ularning nomidan shunday ahmoqlar gapirmoqda».

Endilikda Bolgariya UYeFA tomonidan sanksiyalarga uchrashi mumkin — jamoa ochkolardan mahrum etilishi yoki saralash turniridan chetlatilishi mumkin (hozirda Bolgariya A guruhida 3 ochko to‘plagan holda eng oxirgi o‘rinda joylashgan). Qayd etish kerakki, bu bolgariyalik muxlislar tomonidan birinchi marta irqchilik harakati sodir etilishi emas: iyun oyida ham Bolgariyaning Kosovo va Chexiya terma jamoalariga qarshi o‘yinlari vaqtida shunday holatlar kuzatilgandi. Shu tufayli UYeFA Bolgariyani Angliya bilan o‘yinda «Vasil Levski» stadionidagi 5 ming o‘rindiqni bo‘sh qoldirish bilan jazolagandi.

Bolgariya bosh vaziri Boyko Borisov bu voqealar fonida Bolgariya futbol ittifoqi rahbari Borislav Mixaylovning iste'fosini talab qildi, natijada ittifoqni 2005 yildan buyon boshqarib kelgan prezident Boris Mixaylov iste'foga chiqishga majbur bo‘ldi. Ayni vaqtda futbol ittifoqi bilan munosabatlar bekor qilingan, jumladan moliyaviy masalalar bo‘yicha munosabatlar ham.

Bosh vazir Bolgariya futbol ittifoqi ofisida tekshiruv o‘tkazishga ko‘rsatma bergan, ayni vaqtda ofis 60 nafarga yaqin politsiyachi tomonidan o‘rab olingan va tekshiruv ishlari boshlangan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top