14:04 / 16.10.2019
0
7090

Fuqarolarning kasallik tarixi elektronlashtirilishi mumkin 

Foto: Shutterstock

O‘zbekistonda fuqarolarning kasallik tarixini elektronlashtirish taklif etildi. Tegishli petitsiya “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida joylashtirilgan.

“Bugungi kunda yurtimizning deyarli barcha shifoxonalarda shifokor huzuriga kirishda bemor o‘zi bilan birga qog‘oz ambulator kartasini olib kirishi kerak. Ambulator kartaning qog‘ozdan qilinishi ham bemorlar, ham shifokorlar uchun ko‘pgina noqulayliklarni keltirib chiqaradi va qanchadan-qancha mablag‘ va vaqtni behuda sarflanishiga sabab bo‘lib kelmoqda”, - deb yozadi murojaat muallifi. 

Ta'kidlanishicha, ushbu noqulayliklarni bartaraf etish va O‘zbekiston tibbiyot sohasida qog‘oz tejamkorligiga erishish lozim. Buning uchun, O‘zbekistonda aholi soni kundan-kunga ortib borayotganini hisobga olib va har bir fuqaro uchun alohida ID karta orqali kiriladigan va fuqarolarning shaxsiy kabinetida ma'lumotlari shakllantiriladigan maxsus elektron ma'lumotlar bazasini shakllantirish kerak. Bu ma'lumotlar bazasi hajmi ko‘payib ketmasligiga va serverlar ortiqcha yuklanish bilan ishlamasligiga yordam beradi. 

Shuningdek, loyiha ishga tushirilgan vaqtdan boshlab, ya'ni 40 yoshgacha bo‘lgan har bir O‘zbekiston fuqarosi va yosh bolalar, chaqaloqlar majburiy ravishda 40 yoshdan kattalar esa ixtiyoriy ravishda ushbu elektron ma'lumotlar bazasidan ro‘yxatdan o‘tkazilishi va keyinchalik ro‘yxatdan o‘tkazishni chaqaloq tug‘ilgan vaqtdayoq amalga oshirishni tug‘ruqxonalarda joriy qilish kerak. Ushbu loyiha juda katta mablag‘ talab qilishini hisobga olib, ro‘yxatdan o‘tishni EKIHning yarim yoki ko‘pi bilan bir barobari miqdorida belgilash kerakligi aytiladi.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Adliya vazirligi tomonidan fuqarolarning kasallik tarixini elektronlashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi”, - deyiladi petitsiyada.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top