13:33 / 16.10.2019
1
33316

Milliy valuta devalvatsiyasi aholining jamg‘arish kayfiyatiga ham ta'sir ko‘rsatdi - MB

Foto: KUN.UZ

Milliy valuta devalvatsiyasi aholining jamg‘arish kayfiyati va faolligiga ham ta'sir ko‘rsatdi. Bu haqda Markaziy bankning devalvatsiyaning (muomaladagi qadrsizlangan qog‘oz pullarni bekor qilish yoki qiymatini tushirish - tah.) jismoniy shaxslar depozitlariga ta'siri haqidagi ma'lumotida aytiladi.

Qayd etilishicha, 2019 yilning iyul-avgust oylarida ichki va tashqi omillar ta'sirida xorijiy valutaga bo‘lgan talabning o‘sishi kuzatilgan va natijada milliy valuta devalvatsiyasi tezlashgan. 2019 yil yanvar-iyul oylarida AQSh dollarining almashinuv kursi 4 foizga (1 dollarga 8 336 so‘mdan 8 667 so‘mgacha) oshgan va o‘rtacha oylik o‘sish sur'ati 0,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, avgust oyida valuta kursining keskin o‘sishi (8,2%) kuzatilgan. Sentabr oyiga kelib, dollarning almashinuv kursi o‘zining avvalgi tendensiyasiga qaytdi va oylik o‘sish sur'ati 0,5 foizgacha pasaydi.

“Milliy valuta devalvatsiyasi aholining jamg‘arish kayfiyatiga va faolligiga ham ta'sir ko‘rsatdi. Xususan, Markaziy bank tomonidan o‘tkaziladigan oylik so‘rov natijalari shuni ko‘rsatadiki, 2019 yilning iyun-sentabr oylarida omonatlarini xorijiy valutada (shu jumladan, AQSh dollarida) saqlashni afzal ko‘ruvchi so‘rov ishtirokchilari ulushi ko‘paygan”, - deyiladi MB ma'lumotida.

Ta'kidlanishicha, jamg‘armalarini naqd AQSh dollarida saqlashni afzal ko‘ruvchi respondentlar ulushi may oyidagi 19 foizdan avgust oyida 33 foizgacha, xorijiy valutadagi omonatlarda saqlashni afzal ko‘ruvchilar ulushi esa may oyidagi 17 foizdan sentyabrda 24 foizgacha oshdi. Sentabr oyida valuta kursi barqarorlashganidan so‘ng, jamg‘armalarini naqd AQSh dollarida saqlashni afzal ko‘ruvchi so‘rov ishtirokchilari ulushi 33 foizdan 29 foizgacha pasaygan.

“Qisqa muddatli inflyatsion va devalvatsion kutilmalarning o‘sishiga qaramay, milliy valutadagi depozitlarning keskin kamayishi yoki tarkibiy o‘zgarishlari ro‘y bermadi. Bunda, o‘sish sur'ati pasaygan bo‘lsa-da, depozitlarning ijobiy dinamikasi saqlab qolindi”, - deya davom etadi Markaziy bank.

Sentabr oyi davomida jismoniy shaxslarning muddatli va jamg‘arma omonatlari ulushi 3 foiz bandga oshgan va 2019 yil 1 oktabr holatiga jismoniy shaxslarning milliy valutadagi jami omonatlari qoldig‘ining 72 foizini tashkil etgan. Milliy valuta devalvatsiyasi milliy valutadagi muddatli va jamg‘arma omonatlarining ulushini sezilarli darajada o‘zgartirmagani aytiladi.

Bildirilishicha, so‘nggi ikki oyda milliy valutadagi depozitlar bo‘yicha foiz stavkalar o‘suvchi tendensiyaga ega bo‘lgan. Joriy yilning avgust-sentabr oylarida jismoniy shaxslarning muddatli omonatlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavka 1,0 foiz bandga oshib 18,8 foizga, yuridik shaxslarning muddatli omonatlari bo‘yicha esa 0,8 foiz bandga oshib, 16,7 foizga teng bo‘lgan.

Sentabr oyida xorijiy valutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha foiz stavkalar deyarli o‘zgarishsiz qolib, jismoniy shaxslarning depozitlari bo‘yicha 4,5 foizni, yuridik shaxslarning depozitlari bo‘yicha esa 4,9 foizni tashkil etdi.

“Markaziy bankning inflyatsion kutilmalar to‘g‘risidagi navbatdagi hisobotida keltirilganidek, jamg‘armalarni milliy valutadan xorijiy valutaga o‘tkazish bo‘yicha ma'lum kayfiyat shakllanganligi haqidagi xulosa amaliyotda o‘z aksini topmadi. Bu, birinchi navbatda, tijorat banklarining milliy valuta kursi qadrsizlanishiga bozor tamoyillaridan kelib chiqib, milliy valutadagi omonatlar bo‘yicha foiz stavkalarini oshirish orqali munosabat bildirganliklari bilan izohlanadi”, - deya yakunlangan ma'lumot.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top