23:37 / 18.10.2019
1
60109

Dunyodagi eng serfarzand ona boshqa farzand ko‘rmaydi

Foto: Alamy

Kam uchrovchi irsiy kasallikdan aziyat chekuvchi ugandalik Mariam Gabatanzi 36 yoshida 44 nafar farzandning onasi bo‘lishga ulgurgan. Dunyodagi eng serfarzand ona hisoblanuvchi ushbu ayol endi farzand dunyoga keltira olmaydi. Bu haqda Mirror nashri yozdi. 

Gabatanzi 12 yoshida o‘zidan 27 yosh katta bo‘lgan erkakka turmushga chiqqan. Ugandada bunday nikohlar taqiqlanmagan.

Oila ilk egizaklar bilan to‘lganda, ota-ona xursand bo‘lgan. Bir yildan keyin juftlik 3 egiz, so‘ngra 3 martadan 4 egiz farzand ko‘rgan. Ayolning har homiladorligi kamida ikki nafar farzand keltirgan. Aniqlanishicha, ayol kam uchrovchi irsiy kasallik – giperovulyatsiyadan aziyat chekkan, bunda ayolda bir vaqtda bir nechta tuxum hujayra rivojlanadi.

Ayol shu kasallik sababli 23 yilda 44 farzand ko‘rgan. Yaqinda Mariamning bachadon naylarini bichish bo‘yicha operatsiya o‘tkazildi va endi u boshqa homilador bo‘la olmaydi.

“Barcha farzandlarim – Tangri in'omi, men ularni juda qadrlayman va hech qachon afsus qilmayman. Men ularni voyaga yetkazish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilmoqdaman”, deb aytgan ayol.
 
Ayolni o‘ksitadigan yagona narsa farzandlarining otasiz o‘sayotganidir. Uning turmush o‘rtog‘i oylab qorasini ko‘rsatmay yurgan, oxirgi egiz farzandlari tug‘ilgandan keyin esa umuman qorasini o‘chirgan.

“U farzandlari uchun ba'zida ism berishdan boshqa hech narsa qilmagan. Katta farzandlarim uni 10 yildan ko‘proq vaqtdan beri ko‘rishmagan”, deb kuyunadi ayol.

Og‘ir turmush sababli ayolning 6 farzandi vafot etgan. Shunda katta farzandi onasiga yordam berish uchun o‘qishini tashlashiga to‘g‘ri kelgan. Ayol barcha farzandlariga birdek g‘amxo‘rlik qilib, ular bilan 4 ta kichik uychada yashaydi.

Eng ko‘p pul oziq-ovqatga ketadi. Serfarzand oila har kuni 10 kg un, 7 kg loviya va 4 kg shakar iste'mol qiladi.

Ayol eng katta yutug‘ini barcha farzandlari ta'lim olayotganida deb biladi. Uning katta qizi hamshira, o‘g‘illaridan biri esa quruvchi bo‘lib ishlamoqda.

Mariam erkaklardan oilalari uchun mas'ul ekanliklarini unutmaslikni, ota-onalardan esa qizlarini erta turmushga bermaslikni so‘rab qolgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top