12:30 / 18.10.2019
1
13112

IIV Angrenda fuqarolar soat 23:00da xorijga chiqish pasporti uchun navbatda turgani haqidagi xabarga izoh berdi

Foto: KUN.UZ

Ijtimoiy tarmoqlarda Angren shahridagi “pasport stoli”da tungi soat 23:00da fuqarolar xorijga chiqish pasporti uchun navbatda turgani haqida xabar tarqaldi. Ushbu ma'lumot Toshkent viloyatining Angren shahar ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘rganildi.

IIV axborot xizmatiga ko‘ra, xabar tasvirga olingan kuni Angren shahar IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limining ma'lumotlarni yig‘ish punktida 4-5 nafar fuqarolar tayyor bo‘lgan xorijga chiqish pasportini olib ketishga kelgan. Bo‘lim xodimlari kun davomida 180-200 nafar fuqaroning xorijga chiqish pasporti uchun fuqarolarning elektron talabnomasini shakllantirganlar va soat 18:00dan keyin tayyor bo‘lgan pasportlarni egalariga tarqatish uchun 140-160 nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatganlar.

Bugungi kunda ushbu hududda xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun fuqarolarning murojaatlari ko‘pligini inobatga olib, navbatlarni kamaytirish va fuqarolarga o‘z vaqtida sifatli xizmat ko‘rsatishni ta'minlash uchun Angren shahar IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga qo‘shimcha bir dona qurilma o‘rnatilgan.

“Albatta, xalqimizga munosib xizmat ko‘rsatish maqsadida hamda zarur holatlarda fuqarolarning talabidan kelib chiqib, xodimlar dam olish kunlari ham, belgilangan ish vaqtlaridan tashqari ham aholiga xizmat ko‘rsatishga tayyor”, - deyiladi IIV xabarida.   

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top