21:27 / 20.10.2019
0
20503

AQSh Suriya shimolidagi aviabazasini portlatdi – OAV

AQSh Suriya shimolidagi Al-Kulaib harbiy-havo kuchlari bazasini to‘la yo‘q qildi. Amerika boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning samolyot va vertolyotlari foydalanib kelgan aviabazadagi uchish-qo‘nish yo‘laklari ham buzib tashlandi, deb xabar tarqatdi SANA.

Al-Xasaka viloyatidagi AQSh bazasi / Foto: AFP

Manbada aytilishicha, amerikaliklar Al-Xasaka viloyatidagi, Yevfrat daryosi dambasi yaqinidagi harbiy shaharchani ham shoshilinch ravishda tark etishgan.

Avvalroq Pentagon Suriyadagi mingga yaqin harbiylarini Iroq g‘arbiga ko‘chirib o‘tkazish rejalashtirilayotganini ma'lum qilgandi.

Business Insider ma'lumotiga ko‘ra, chorshanba kuni amerikaliklar Raqqa viloyatidagi sobiq sement zavodi o‘rnida bo‘lgan harbiy bazani likvidatsiya qilishda ilk marotaba aviatsiyadan foydalangan. Xususan, F-15 qiruvchilarining raketa zarbalari bilan bazada qoldirilgan texnika va o‘q-dorilar yo‘q qilingan.

AQSh prezidentining antiterror koalitsiyadagi sobiq maxsus vakili Brett Makgergning so‘zlariga ko‘ra, «favqulodda holatlarda oynani sindirish» prinsipi asosida shunday yo‘l tutilgan. «Bunday operatsiya anchagina noqulay ssenariylarda qo‘llaniladi», – degan u.

Ma'lumot uchun, AQSh Suriya shimolidagi bazalar bilan IShIDga qarshi kurashda kurdlarga faol ko‘mak berib kelgan edi.

O‘tgan hafta Turkiya Suriya bilan chegarada «xavfsiz hudud» yaratish maqsadida harbiy operatsiya boshladi. Janubdan esa Rossiya vositachiligida kelishuvga erishgan kurdlar va Suriya rasmiy hukumati kuchlari shimolga tomon harakatlana boshlagan. Natijada AQSh harbiylari dastlab Manbij va Kobani shaharlaridan chiqib, keyinroq Aleppo va Raqqa viloyatlarini to‘liq tark etdi.

SANA agentligi 20 oktabr kuni AQShning Manbij janubi-g‘arbidagi tashlab chiqib ketilgan Al-Saidiya bazasidan suratlarni e'lon qildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top