23:50 / 21.10.2019
0
19089

O‘zbekistonda qurilish va arxitektura sohasida taraqqiyotning yangi davri boshlandi - Prezident

Bugun, 21 oktabr kuni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Marosimda qatnashgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Prezident o‘z chiqishi vaqtida Tashkent city qurilishidan asosiy maqsad haqida gapirdi.

«O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasini yaqqol namoyon etadigan yangi bino va imoratlar bugun barcha shahar va viloyatlarimizda ko‘plab qad ko‘tarmoqda. Albatta, ularning orasida «Toshkent-Siti» ishbilarmonlik markazi alohida ajralib turadi.

Guvoh bo‘lib turganingizdek, «Toshkent-Siti» markazi o‘zining me'moriy qiyofasida shaharsozlik san'atining eng so‘nggi yutuqlarini, arxitektura, muhandislik va dizaynerlik borasidagi noyob va ulkan salohiyatni yaqqol mujassam etadi. 

Maydoni 80 gektardan iborat ushbu markazni qurishdan asosiy maqsad – zamonaviy, «aqlli shahar» barpo etish, xalqaro, xorijiy va mahalliy bank-moliya tuzilmalari va investorlar uchun jonajon Vatanimiz, birinchi navbatda, go‘zal poytaxtimiz jozibadorligini oshirishdan iborat», degan prezident.
 
Davlat rahbari O‘zbekistonda qurilish va arxitektura sohasida taraqqiyotning yangi davri boshlanganiga urg‘u qaratgan.

«Biz O‘zbekiston taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasini izchil amalga oshirayotganimizdan xalqimiz va xalqaro hamjamiyat yaxshi xabardor, albatta. «Toshkent-Siti» markazini barpo etish g‘oyasi ham, aynan o‘sha strategiya bilan bir paytda tug‘ilgan edi. O‘zbekiston tajribasida birinchi bo‘lgan shunday katta miqyosdagi va noyob loyihani amalga oshirish uchun ko‘p narsani yangitdan o‘rganishimiz, tinimsiz izlanishga to‘g‘ri keldi.

Qisqacha aytganda, «Toshkent-Siti» markazi O‘zbekistonda qurilish va arxitektura sohasida taraqqiyotning yangi davri boshlangani, bu sohada biz ko‘p narsaga qodir ekanimizni ko‘rsatadi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi», degan prezident.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top