15:34 / 22.10.2019
0
15988

«Bir mahalla – bir mahsulot»: mevachilik klasterlari qanday ishlayapti?

Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil yoz fasli boshlarida Oltiariqqa tashrifidan so‘ng ushbu tuman “Bir mahalla – bir mahsulot” prinsipiga asosan uzumchilik sohasiga ixtisoslashtirila boshladi. Tuman hokimligi uzumzorlar uchun qariyb 3 ming gektarga yaqin yer maydoni ajratdi.

Foto: uzanalytics.com

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga har tomonlama ko‘maklashish borasida bir qancha choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, joriy yil martida prezident “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Mazkur hujjatda barcha hudud rahbarlari oldiga ularning o‘ziga xos xususiyatini hisobga olib, “Bir mahalla – bir mahsulot” prinsipi asosida har bir mahallani aniq bir yo‘nalishga ixtisoslashtirish, imtiyozli kreditlarni mavjud sharoit va oilalarning xohish-istaklarini inobatga olgan holda ajratishga e'tibor qaratish vazifasi qo‘yildi, deb yozadi uzanalytics.com.

Bundan tashqari, mamlakat rahbari mahalla, tuman va yirik hududlarni birorta faoliyat turi yoki dehqonchilik turiga ixtisoslashtirishni yo‘lga qo‘yishni bir necha marta ta'kidladi.

“Tadbirkorlikni rivojlantirishda hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari, an'anaviy hunarmandlik yo‘nalishlarini inobatga olish ham muhim. Misol uchun, Rishton tumanida kulolchilik, Marg‘ilonda ipakchilik, Chustda do‘ppi va pichoqchilik, Oltiariqda bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishlari uchun zamin bor”, dedi prezident joriy yil mayida bo‘lib o‘tgan Farg‘ona viloyati faollari ishtirokidagi yig‘ilishda. Shuningdek, ushbu hudud miqyosida, kelgusi ikki yilda Oltiariq tumanida 3 ming gektar maydonda uzumchilik, Quva tumanida 2 ming gektar yerda anorchilik, Quvasoy shahrida esa 2 ming gektar maydonda giloschilik klasterlari tashkil etilishini ma'lum qildi. Buning uchun xonadonlarga 15 million dona uzum, 10 million dona gilos va 5 million dona anor ko‘chatlari yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Oltiariq uzumlari: jahon bozoriga yo‘l

Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumani nafaqat bodring va turp, hatto uzumi bilan ham mashhur. Tuman bog‘bonlari bu borada ham o‘ziga xos maktab yaratgan. O‘tgan yillar mobaynida mirishkor tomorqachilar o‘nlab turdagi yangi uzum navlarini yaratdi. “Qora shahzoda”, “Husayni”, “Kelin barmoq” kabi uzum navlari nafaqat ichki bozorda, balki uzoq va yaqin xorij mamlakatlarida ham xaridorgir. Daromad manbai sifatida ham uncha-muncha dehqonchilik mahsuloti uzumning oldiga tusha olmaydi.

Bahromjon Boymatov – “Boymatov” fermer xo‘jaligi rahbari. Oltiariq tumanida uzumchilik bilan shug‘ullanadi. Aytishicha, uning aksariyat hamyurtlari kabi pul topish ilinjida xorijga ketish istagi umuman bo‘lmagan. Uzumchilik – ota kasb, boz ustiga, serdaromad soha. Buning uchun yerning, uzum navi va tok poyasining tilini tushunish kerak. Oltiariq zaminida yetishtirilgan uzum mazasi va o‘ziga xos xususiyatlari bilan dovruq qozongan.

– Hozir 10 xil eksportbop navlarimiz bor, – deydi Bahromjon. – Ularni kelasi yildan boshlab to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilmoqchimiz. 400-500 tonna sig‘imga ega muzlatkichli mahsulot saqlash omborlarimiz bor. Bu yilgi hosilni yangi yil bayrami arafasida bozorlarga chiqaramiz. Uzum – shifobaxsh ne'mat. Olimlar ta'kidlashicha, uzumni ko‘p miqdorda iste'mol qilish arterial qon bosimi bir me'yorda bo‘lishi va yurak faoliyati yaxshilanishiga yordam beradi, inson tanasidagi tuz miqdorini kamaytiradi.

– Hosilni shu paytgacha qaysi mamlakatlarga eksport qilgansiz?

– Asosan, Rossiyaga eksport qilib keldik. Bu yil ham 200 tonna uzum eksport qilish rejamizda bor. Kelasi yildan, agar barchasi rejadagidek bo‘lsa, Yevropaning boshqa mamlakatlariga ham yetkazib bermoqchimiz. Eksportyorlar kelyapti, harakatimiz bor. U tomonlarda, asosan, urug‘(danak)siz navlar xaridorgir. Ammo bizda bunday navlar kam ekiladi, hozir shuning ustida ishlayapmiz.

Bahromjon rahbarligidagi “Boymatov” fermer xo‘jaligi ekin maydonlarini kengaytirish va o‘zlashtirilgan maydonlarga urug‘siz uzum navlarini ekishni rejalashtirgan. Asosan, toshloq yerlarni toshdan, ortiqcha va begona narsalardan tozalab, serhosil maydonlarga aylantirish ancha murakkab yumush. Ammo bu borada ancha-muncha ishlar qilindi, qo‘shimcha yerlar deyarli ekin ekishga tayyor holga keldi.

– Uzum uchun qancha qo‘shimcha yer maydoni ajratilgan?

– Oltiariq tumanida uzumning umumiy ekin maydoni 3 ming gektar bo‘ladi, deyishyapti. Bizning 200 gektar yerimiz bor hozir. Shundan 15-20 gektar qo‘shimcha maydon hozirlaymiz.

Joriy yil iyulida Vazirlar Mahkamasining “Farg‘ona viloyatida intensiv texnologiyalarga asoslangan bog‘ va tokzorlar barpo etish loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi. Unga ko‘ra, 2019-2020-yillarda Farg‘ona viloyatning O‘zbekiston, Oltiariq, Quva tumanlarida 2000 gektar yer maydonida dastlabki qiymati 38,6 mln. AQSh dollariga teng intensiv texnologiyalarga asoslangan, eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari joylashtirilgan bog‘ va tokzorlar barpo etish vazifalari belgilandi.

– Yaqinda Hindistonga borib kelibsiz. Taassurotlaringizni qisqacha so‘zlab bersangiz.

– Hindistonga uzumchilik ishlari, muzlatkichlardan samarali foydalanish, eksport masalalarini o‘rgangani, tajriba almashgani bordik. U yerning ham uzum navlari yaxshi, ammo suv masalasida muammolar mavjudligini ko‘rdik. Yomg‘ir suvini to‘planib, undan uzumzorlar tomchilatib sug‘orilar ekan.

Mutasaddilar fikri

– Viloyatda fermerlarni, xususan, uzumchilik bilan band fermerlarni qiynayotgan qanday muammolar bor?

Ushbu savol bilan viloyat Fermer dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining Fermer xo‘jaliklari faoliyatini kompleks rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Sardorbek Eminzodaga murojaat qildik.

– Bugungi kunda fermerlar kengashi fermerlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning mahsulot yetishtirishiga amaliy yordam berish, bugungi kunda qiynab kelayotgan muammolariga yechim topishga ko‘maklashish bobida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Deylik, chet eldan kirib kelayotgan qishloq xo‘jaligi texnikasi, texnik vositalar, mahsulotlari yoki ularga tegishli barcha sohalar uchun bojxona imtiyozlari qo‘llanayotgani yaxshi foyda beryapti. Bundan tashqari, issiqxonalar, yo bo‘lmasa, muzlatkich omborlari qurish ishlari uchun imtiyozli kreditlar ajratilyapti.

– Masalan, “Boymatov” fermer xo‘jaligida aynan qanday o‘zgarishlar yuz berdi, qanday qulayliklar yaratilib, qanday ko‘mak berildi?

– Prezidentimizning shu yil yoz fasli boshlarida tumanimizga tashrifidan so‘ng Oltiariq “Bir mahalla – bir mahsulot” prinsipiga asosan uzumchilik sohasiga ixtisoslashtirila boshladi. Tuman hokimligi uzumzorlar uchun qariyb 3 ming gektarga yaqin yer maydoni ajratdi. Bugungi kunda “Boymatov” fermer xo‘jaligida yangiliklar joriy etilgan, ya'ni joriy yilda muzlatkich omborlari barpo etildi, uzumning yangi navlari yetishtirila boshladi. avvalgi yillardagidan farqli o‘laroq, uzum yetishtirishda uning barcha yo‘nalishlariga e'tibor qaratildi: uzum eksport qilishga tayyorlanmoqda, fermerimiz shaxsan o‘zi nomidagi firma yordamida chetga o‘zi yetishtirayotgan mahsulotini olib chiqish harakatida. Albatta, biz buni qo‘llab-quvvatlaymiz.

– Umuman, tuman bo‘yicha uzumchilikka ixtisoslashgan nechta fermer xo‘jaligi bor? Oltiariq tumanida necha tonna uzum yetishtiriladi?

– Oltiariq tumanida jami fermerlarimiz 350 dan ziyod, aksariyati bog‘dorchilikni rivojlantirish yo‘nalishida ishlamoqda, uzumchilik sohasiga ixtisoslashgan o‘nlab fermer xo‘jaliklari bor. Ushbu sohada joriy yildagi eksport hajmi 2018 yildagiga nisbatan 1,3 baravar oshdi. 10 gektar yerdan 1 – 3 tonnagacha hosil olish mumkin. Oltiariq tumanining umumiy yer maydoniga nisbatan olganda, bu – juda yaxshi ko‘rsatkich. Tuman bo‘yicha umumiy eksportga jo‘natilgan uzum miqdorini aytishim qiyin. Chunki bizda saqlash hisobiga hatto bahor va qish oylarida ham uzum eksport qilinadi. Saqlash omborlarimiz 100-200 tonnalab mahsulot qabul qiladi. Undan ham kattaroqlari mavjud. Aynan uzumni saqlaydigan omborlarimiz ham bor, ularning har biri 200 – 500 tonna uzumni saqlay oladi.

Ham mirishkor, ham tadbirkor

Bahromjon Boymatov o‘z fermer xo‘jaligi qoshida firma ochdi. Endi barcha eksport amaliyotlari ushbu firma orqali amalga oshiriladi.

– Mana, muzlatkichli katta sig‘imli ombor qurdingiz. Buni nimaning hisobiga va qanday qilib qurdingiz?

– Bizda, asosan, “Husayni” ko‘p, yana “Kelin barmoq”, “Mersedes”, “Qizil husayni”, “Qora husayni” navlari yetishtiriladi. Shulardan 60 foizini “Husayni”, qolgan 40 foizini (navi, rangi, yirikligiga qarab) boshqa navlar tashkil qiladi. Eksportga ham, asosan, shular yaxshi ketyapti. Birinchidan, hokimlik tavsiya berdi. Keyin surishtirib ko‘rsak, qilsa bo‘ladigan ish ekan. Dastlab 200 tonna sig‘imga ega omborni qurishga qaror qildik. Avval uning samarasi va foydasini bilmagan ekanmiz. Hozir yana 200 tonna qo‘shimcha muzlatkich qurishga kirishganmiz.

– Uzumni muzlatkichlarda qancha vaqtgacha saqlash mumkin?

– Asosan, bir yil, ya'ni kelasi uzum pishig‘igacha saqlanadi. Aksariyat qismi yangi yil bayrami arafasida bozorga chiqariladi.

Shu o‘rinda yana bir ma'lumotni keltirib o‘tish joiz. “Boymatov” fermer xo‘jali yerlarining aksariyat qismi ilgari tashlandiq bo‘lib yotar edi. Uni o‘zlashtirib, mo‘l hosil olgunga qadar ancha ter to‘kishga to‘g‘ri keldi. Sardor Eminzoda bu haqida quyidagilarni gapirib berdi:

– To‘g‘ri, hech narsa o‘z-o‘zidan bino bo‘lib qolmaydi. Avval bu maydon qarovsiz joy bo‘lgan. Mana, bugun juda chiroyli, serhosil yerga aylandi. Uzumning barcha xaridorgir navlari yetishtiriladi. Bularni Boymatovlar oilasi barpo etdi. Shunday fidoyi insonlar sabab tumanda so‘nggi 5-6 yilda bunday tashlandiq joylar qolmadi. Yerga qarasak, yerga mehr bersak, albatta, yer bizni boqadi.

“Har bir oila — tadbirkor” dasturida O‘zbekiston hududlaridagi mas'ul rahbarlarga aholining daromad olishga qaratilgan loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish, agrotexnika va veterinariya xizmatlari ko‘rsatish, ishsiz va band bo‘lmagan kishilarni, jumladan, uning muhtoj qatlamlarini tadbirkorlikka va o‘zini-o‘zi band qilishning samarali shakllariga o‘rgatish, klaster tizimi orqali daromadli mehnat faoliyatiga jalb etishda amaliy yordam berish vazifalari belgilab berildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, o‘zimizga savol berdik: Oltiariq tumanining uzumga ixtisoslashishi oddiy aholiga, fermerlarga nima naf beradi? Javobimiz esa quyidagicha bo‘ldi: birinchi navbatda, oilaviy daromad oshishiga yordam beradi; aholining turmush farovonligi, ish bilan bandlik darajasi ortadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top