18:50 / 22.10.2019
0
59951

Prezident tashrifidan keyin: Surxondaryo viloyatidagi bir tumanda «to‘rtlik» almashdi

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida hokim, prokuror, IIB boshlig‘i va davlat soliq inspeksiyasi rahbari ishdan ketdi.

Bugun, 22 oktabr kuni Xalq deputatlari Sherobod tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Viloyat hokimi To‘ra Bobolov, tuman Kengashi deputatlari, viloyat va tuman hokimliklari vakillari ishtirok etgan sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, 2017 yil noyabridan buyon tumanga rahbarlik qilib kelgan O‘rol Abrayqulovich Boboqulov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan Sherobod tumani hokimi vazifasidan ozod qilindi.

Shu kungacha viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Alisher Xurramovich Amirov Sherobod tumani hokimi etib tasdiqlandi.

Alisher Amirov / Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

Alisher Amirov 1977 yilning 19 avgustida Boysun tumanida tug‘ilgan. 2001 yilda Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti, 2014 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.

2016 yilda Surxondaryo viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangunga qadar, «O‘zavtoyo‘l» davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisining o‘rinbosari – bosh muhandisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Shuningdek, sessiyada Bahodir Xolyorovich Yunusov tuman prokurori, Behzod Ibrohimovich Aminqulov tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, Shuhrat Allaberdiyevich Jumayev tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i etib tasdiqlangani e'lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-18 oktabr kunlari Surxondaryo viloyatida bo‘lgan, tashrifning ikkinchi kunida Termiz shahrida Surxondaryo viloyati va tumanlar hokimlari, sektorlar rahbarlari, respublikadan kelgan mutasaddilar, faollar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda soha va tarmoqlarning hududiy rahbarlari «qotib qolgan»i tanqid qilingandi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top