11:50 / 22.10.2019
1
56930

Xalqaro arbitraj sudi «Turkuaz» ishi bo‘yicha qaror chiqardi

Jahon bankining Xalqaro arbitraj sudi O‘zbekistonga turkiyalik tadbirkorga 40 million dollar to‘lash majburiyatini yukladi.

Global Arbitration Review nashri ma'lumotiga ko‘ra, Jahon bankining Xalqaro arbitraj sudi O‘zbekiston hukumati turkiyalik tadbirkor Vohid Guneshga tegishli bo‘lgan Gunes Tekstil Konfeksiyon Sanayi ve Ticaret Ltd kompaniyasiga musodara qilingan mol-mulkining kompensatsiyasi sifatida 40 million dollar to‘lashi kerakligi haqida qaror chiqargan.

2004-2011 yillarda Toshkentda faoliyat ko‘rsatgan Turkuaz savdo markaziga asos solgan, ayni vaqtda 50 yoshda bo‘lgan turkiyalik Vohid Gunesh 2012 yil aprelida O‘zbekiston hukumati tomonidan musodara qilingan mulklarini qaytarib olib berishini so‘rab, xalqaro arbitraj sudiga murojaat qilgandi.

Jahon banki guruhining Investitsion bahslarini hal etish bo‘yicha xalqaro markazi (ICSID) qarorini e'lon qilgan nashr ma'lumotiga ko‘ra, ushbu ish belgiyalik sudya Gans van Xougte raisligida 7 yil davomida ko‘rib chiqilgan va 4 oktabr kuni yakuniy qarorni chiqargan, unga ko‘ra, turkiyalik tadbirkorga u talab qilgan summaning to‘rtdan bir qismini to‘lash majburiyati yuklangan.

Da'vogar esa arbitraj qaroridan qoniqish hosil qilganini, ayni vaqtda O‘zbekistonda biznes yuritish uchun hech qanday to‘siqlar yo‘qligini aytib o‘tgan.

«Aytishganidek, shariat bo‘yicha kesilgan barmoq og‘rimaydi. Biz ICSID chiqargan qarordan mamnunmiz, bu adolatli qaror bo‘ldi! Biz ko‘proq so‘ragandik, ammo baribir rozimiz. Katta miqdorda pul yo‘qotishdan tashqari, men 9,5 oy davomida tergov izolyatorida o‘tirganman. Men sudga tergov izolyatorida menga nisbatan qo‘llangan qiynoqlar bo‘yicha ham murojaat qilgandim. Ammo, aftidan, sud bu jihatga e'tibor qaratmagan ko‘rinadi», degan Vohid Gunesh.

U shuningdek, ikki yil muqaddam O‘zbekistonning hozirgi prezidenti Shavkat Mirziyoyev unga qaytishni taklif qilgani haqida eslagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda O‘zbekistonda biznes yuritish uchun hech qanday to‘siqlar mavjud emas.

Gunesh O‘zbekistonda 2004 yildan 2011 yilgacha savdo bilan shug‘ullangan va «Turkuaz»dan tashqari, «Amir Temur» xiyobonidagi markazga, To‘ytepadagi istirohatgohga, Samarqanddagi savdo markaziga, Olmaliq va Yunusoboddagi do‘konlarga egalik qilgan. 2011 yilda esa uning faoliyatini tekshirish boshlangan, u va turkiyalik hamkorlari qo‘lga olingan, ular soliqdan qochish va «soyadagi iqtisod rivojlanishiga ko‘maklashish»da ayblangan. Keyinchalik ularning mulklari musodara qilingan. Gunesh va uning hamkorlari O‘zbekiston hukumatiga 700 ming dollar to‘lashgach, ularga qarshi ilgari surilgan ayblovlar yumshatilgan, ularning o‘zi mamlakatdan chiqarib yuborilgan.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, arbitraj ishining tahlili bir qarashda O‘zbekiston foydasiga bo‘lmasada, lekin qabul qilingan qarorda da'vo summasining bir qismigina qanoatlantirilgani puxta ishlangan himoya tizim ishlaganligini ham inkor etmaydi.

Endi O‘zbekiston tomoni ham mazkur masala bo‘yicha ma'lumotlarni taqdim etilishi kutiladi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top