20:35 / 24.10.2019
0
11210

Hongkongda bir mashinani qo‘yish joyi rekord narxga sotildi 

Hongkong ko‘chmas mulk bozorida yangi rekord o‘rnatildi. South China Morning Post nashrining xabar berishicha, shahar markazidagi avtoturargohda bir mashinani qo‘yish joyi 7,6 mln Hongkong dollariga (970 ming dollar) sotildi.

Gap 73-qavatli The Center binosida joylashgan yer osti avtoturargohidagi standart joy haqida bormoqda. Mashina qo‘yish joyini shu binoda ofislarga ega bo‘lgan sarmoyachi sotib olgan. Uning ismi oshkor qilinmagan.

Ta'kidlanishicha, ushbu bino bir yil avval jahon ko‘chmas mulk bozorida rekord narxga sotilgan. U developerlar konsorsiumiga 5,15 mlrd dollarga pullangan. 

The Center osmono‘par binosi 1998 yilda qurilgan bo‘lib, zamonaviy bino shahardagi eng baland binolar ichida 5-o‘rinda turadi. Binoda 40 dan ko‘proq tezyurar lift va 400 ta mashinaga mo‘ljallangan yer osti avtoturargohi mavjud.

Hongkongning tijoriy ko‘chmas mulk bozori dunyodagi eng qimmatbahosi hisoblanadi. Riyeltorlar turarjoylar, ofislar, avtoturargohlar va savdo joylarining bunday astronomik narxlarini shaharda bo‘sh yerning tanqisligi va taklif kam bo‘lgan holda talabning yuqoriligi bilan tushuntirishadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top