16:58 / 26.10.2019
1
83019

Zafar Ro‘ziyevning ikki nafar o‘rinbosari ham ishdan ketdi. Ular tuman hokimligiga tushirilgan

Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Xurram Jo‘rayev hamda hokimning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Rajabov ham ishdan ketdi. 

Xurram Jo‘rayev
Baxtiyor Rajabov

Bu haqda xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma'lum qilindi.

X. Jo‘rayev 2016 yildan beri Qashqadaryo viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari edi. B. Rajabov esa 2018 yilda Qashqadaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangandi.

O‘z navbatida, Xurram Jo‘rayev Chiroqchi tumani hokimi etib tayinlangan. Hokimning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Rajabov Mirishkor tumani hokimi lavozimini egallagan.

Sessiyada ishtirok etgan prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov vazifasidan ozod etilgan viloyat hokimi o‘rinbosarlariga prezident tomonidan so‘nggi imkoniyat berilganini aytgan.

Avvalroq, Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri, Chiroqchi va Mirishkor tumanlari hokimlari ishdan olingani xabar berilgandi.

Chiroqchi tumanida Rustam Jo‘raqobilov hokim edi. U bu lavozimda 2017 yilning 16 martidan beri ishlayotgandi. Mirishkor tumanining endilikda sobiq hokimi Ravshan Komilov ham lavozimiga 2017 yilning 16 martida tayinlangan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top