21:58 / 28.10.2019
0
24782

«Bolalarimiz aytgan har bir yangi so‘zga yig‘laymiz...» Sergelida ota-onalar asossiz sarson qilindimi?

Kun.uz tahririyatiga Sergeli tumanidagi 353-sonli aqliy va ruhiy rivojlanishdan orqada qolgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim tashkilotining Kuzatuv kengashidan murojaat kelib tushdi.

Unda aytilishicha, mazkur muassasa 1965 yilda qurilgan, moslashtirilgan obekt hisoblanib, 2007 yildan buyon bu yerda ruhiy va aqliy rivojlanishdan orqada qolgan bolalar tarbiyalanadi.

«Mazkur MTTda Sergeli tumani Maktabgacha ta'lim bo‘limining maxsus ko‘rik xulosasi asosida jismoniy, ruhiy va aqliy rivojlanishi orqada qolgan, daun sindromi va autizm kabi tashxis qo‘yilgan bolalar tarbiyalanadi», – deyiladi ota-onalardan kelgan murojaatda.

Bolalar tarbiyalanayotgan bu muassasa joylashgan obekt ancha eski bo‘lgani uchun 2016 yil 30 sentyabrda buzilishga tushgan bo‘lib, shu sababdan anchadan buyon ta'mirdan chiqarilmagan.

Ota-onalar esa 2018 yildan buyon mazkur MTT yopilib, bolalar boshqa – sog‘lom bolalar tarbiyalanadigan bog‘chalar safiga qo‘shib yuboriladi, degan to‘g‘ri-noto‘g‘ri gaplar eshita boshlashadi.

Shundan so‘ng ular turli tashkilotlarga, Maktabgacha ta'lim vazirligiga va saytimizga ham murojaat qilishadi.

«Bolalarimiz aytgan har bir yangi so‘zga yig‘laymiz...»

Aytish mumkinki, alohida e'tiborga muhtoj bolalarni tarbiyalash ota-onadan katta sabr talab qiladi.

«Bolam daun sindromi bilan tug‘ilgan. Uni katta qilguncha juda qiynalganman. Agar hozir ular yaxshilab o‘ylab ko‘rmay, boshqa sog‘lom bolalarga qo‘shib yuborilsa, ular bilmasdan ozgina turtib yuborsa ham, bolam yiqilsa, gapira olmaydi, faqat ichiga yutishi mumkin», – deydi ota-onalardan biri Feruza Alikiyeva.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozir bolalar tarbiyalanayotgan 353-MTT sharoiti ko‘ngildagidek bo‘lmasa-da, lekin ular bilan ishlayotgan defektologlar, tarbiyachilardan ko‘ngillari to‘qligi tufayli ham ota-onalar bolalarini shu yerda qolishlarini astoydil istashadi yoki ko‘chirilsa ham o‘zlari ishongan bir nechta mutaxassis ham ular boradigan MTTga o‘tishlarini talab qilishmoqda.

353-MTT umumiy tipdagi davlat MTTga aylantiriladi

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, 2019 yil 30 sentyabrda Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Toshkent shahridagi davlat ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan bo‘lib, unda 2019 yil oktabr oyidan boshlab, Toshkent shahridagi davlat ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog‘ini optimallashtirish va keyinchalik bolalar kontingentini hisobga olgan holda ularni davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim tashkilotlariga va umumiy tipdagi davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlariga o‘zgartirishga rozilik berilgan.

353-sonli aqliy va ruhiy rivojlanishdan orqada qolgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan MTT ham qarorga muvofiq umumiy tipdagi davlat maktabgacha ta'lim tashkilotiga o‘zgartirilishi ko‘zda tutilgan.

Sergeli tuman Maktabgacha ta'lim mudiri: «Tumandagi boshqa bolalarni ham qamrab olishimiz kerak...»

Sergeli tumani Maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri Kamola Nasurovaning izoh berishicha, bolalar ota-onalarining xohishiga ko‘ra, tumandagi 2ta: 508- va 46-ko‘ptarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat MTTlariga ko‘chirilishi mumkin. Shundan so‘ng, 353-MTT umumiy tipdagi MTT sifatida to buzilish ishlari boshlanguncha oddiy bolalarni qabul qiladi. Sababi – tuman aholisining maktabgacha ta'lim tashkilotlariga talabi yuqori.

Ota-onalar esa bolalari uchun alohida guruhlar ochilib, mutaxassislar kerakli attestatsiyalardan o‘tkazilgach, hammasi yakun bo‘lgandan so‘ng ko‘chirishlari kerak degan fikrda qattiq turishdi.

«Bolalarimizni minimum darajada zararsiz ko‘chirishsin»

Mavzu yuzasidan Maktabgacha ta'lim vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘lanilgach, tegishli mas'ullar bundan xabari borligini bildirib, ota-onalar bilan uchrashuv tashkil etishdi.

Unda tarbiyachilari bilan birgalikda bolalarni tumandagi 46-sonli ko‘ptarmoqli MTTga ko‘chirishga kelishib olindi.

Biroq yangi 46-MTTda tayyorlangan xonalar joylashuvi bo‘yicha ota-onalardan e'tirozlar tushgach, bir hafta muddat davomida xonalar qaytadan tayyorlandi.

Ayni shu jarayonda ota-onalar Kuzatuv kengashining majlisini o‘tkazib, bolalari mutaxassislar bilan birgalikda yangi muassasaga ko‘chirilishiga rozi ekanligi haqida bayonnoma tuzishgan.

«Biz bolalarimiz minimum darajada zararsiz yangi MTTga ko‘chirib o‘tkazilsa, qarshiligimiz yo‘q», – deya izoh berdi ota-onalar.

Bolalari uchun tashkilotma-tashkilot murojaat qilib charchamagan bu ota-onalar bilan turli yerdagi hamma mas'ul xodimlar ham to‘g‘ri muomalada bo‘lishmagan, nazarimizda. Buni ular bilan bo‘lgan suhbatdan ham sezish mumkin.

Agar hammasi to‘g‘ri tushuntirilganda, ko‘chirish ishlari bosqichma-bosqich borishini bilishganlarida balki ota-onalar ham kamroq tashvishlangan bo‘lishardi.

Bolalar 46-sonli MTTda kutib olindi

Ayni paytda bolalar Maktabgacha ta'lim vazirligi va ota-onalar roziligi asosida 46-sonli MTTga ko‘chirildi. Ular bilan birga 5 nafar tarbiyachi va 3 nafar defektolog xodimlar ham ushbu MTTda ish boshladi.

«Bolalar alohida guruhlarga bo‘linib, mutaxassislar qo‘yadigan tashxislar yordamida kerakli muolajalar qilingan holda tarbiyalanadi», – deydi 46-sonli MTT rahbari Nodira Rahmatullayeva.

Ota-onalar ham bolalarining yangi muassasada doimiy e'tiborda bo‘lishidan umidvor. Murojaatni to‘liq shaklda yuqoridagi videoreportajda ko‘rishingiz mumkin.

Zilola G‘aybullayeva,

Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top