19:00 / 28.10.2019
8
58844

Lisenziya balosi. «O‘zbekkonsert» aslida nima bilan shug‘ullanishi kerak?

«O‘zbekkonsert» so‘nggi vaqtlarda muhokamalar markazida turibdi. Quyida ushbu tashkilotning keragidan ortiq vakolatlari va mavjud holatni o‘zgartirish zarurati haqida fikr yuritamiz.

«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan xonanda Ozoda Saidzoda kechirilib, unga yana erkin ijod qilish imkoniyati taqdim etilgani va shu kuni Jahongir Otajonovning litsenziyasi tugatilgani ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonans keltirib chiqardi. Aksariyat kishilar «O‘zbekkonsert»ni ijodga senzura joriy etishda ayblay boshlashdi.

Keyin rasmiylar ham bunga munosabat bildirishdi. Bu ayblovlar ta'sir qildi chog‘i, «O‘zbekkonsert» J.Otajonovning litsenziyasini qaytarib berdi.

«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi o‘zi qanday idora?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 fevraldagi PF–4956-sonli farmoniga muvofiq «O‘zbeknavo» estrada birlashmasi va «O‘zbekraqs» milliy raqs birlashmasi negizida «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tashkil etilgan edi.

Idora ustavida u tomonidan konsert-tomosha faoliyati litsenziyalanishi, konsert-tomosha tadbirlariga bir martalik ruxsatnomalar, shu jumladan litsenziya talabgorlariga milliy estrada san'atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish Kengashi huzuridagi Ijodiy ko‘maklashuvchi vakillar guruhi xulosalari asosida konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi uchun litsenziyalar berilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrdagi «Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi №354-sonli qarori bilan Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlangan. Mazkur nizomda konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya 5 yil muddatga berilishi mumkinligi aks etgan.

Vaholanki, O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 11 aprelda PF–5409-son «Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq, 2018 yil 1 iyundan ushbu faoliyat bilan shug‘ullanish uchun beriladigan litsenziyalar amal qilish muddati cheklanmagan holda berilishi belgilangan edi.

Qolaversa, mazkur Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish yuklatilgan. Biroq, shunga qaramay, konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalashning muddatiga oid talab hanuz o‘zgarishsiz qolmoqda.

Masalaning yana bir jihatiga e'tibor qaratsak. Ko‘p holatlarda muassasa tomonidan tugatilgan litsenziyalar, u yoki bu asossiz sabablarga ko‘ra ma'lum muddat o‘tganidan so‘ng o‘z egalariga qaytarilgani to‘g‘risida rasmiy xabar beriladi.

Masalan, yaqinda muassasaning rasmiy saytida «xonanda Abdulla Qurbonov, Jahongir Otajonov, Shahlo Ahmedova hamda Halima Ibragimova bundan buyon o‘z ijodlarini rivojlantirish va xalqimizga astoydil xizmat qilishlarini bildirishganligi sabab, litsenziyalari qaytarilganligi e'lon qilindi» mazmunida xabar chiqdi.

Holbuki, «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi Qonunning 23-moddasiga ko‘ra litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganidan so‘ng litsenziya muassasaga qaytarilishi va yo‘q qilinishi kerak. Demak, bu holatda litsenziyani qaytarishning imkoni mavjud emas. Lisenziya asossiz ravishda tugatilgan taqdirda litsenziyani tiklash sud tartibida amalga oshirilishi lozim.

Aslida-chi?

San'atkorlar bilan ko‘p bor hamsuhbat bo‘lganmiz. Tashkilot san'atkorlarni tadbirlarda tekinga ishlatishi, turli «xizmat»lar buyurishi haqida fikrlar eshitganmiz.

Albatta, tashkilotning turli buyruqlari va ko‘rsatmalarini bajarmagan san'atkor «qora ro‘yxat»ga tushadi. Alal-oqibat u litsenziyadan mahrum etilishi mumkin. «O‘zbekkonsert»ga shunday vakolat berilganki, litsenziyasidan mahrum etilgan xonandaga teleekranlarda ham chiqish eshiklari yopiladi.

Bu tizimdan xalos bo‘lish uchun nima qilish kerak?

«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi nomida konsert so‘zi bormi, demak u faqat konsert uyushtirish uchun ruxsatnomalar berish vakolatiga ega bo‘lishi lozim. Erkin ijodga mutlaqo aralashmasligi kerak bu tashkilot.

Xonandalarni, guruhlarni litsenziyalash tizimidan voz kechish kerak. Aksincha, tashkilot sohada mualliflik huquqiga rioya etilishini nazorat qilishi, ko‘chirmachilikka qarshi kurashda bosh-qosh bo‘lishi lozim. Hali biror marta birovning qo‘shig‘ini o‘g‘irlab kuylagan xonanda jazolanganini eshitmadik.

O‘zingiz o‘ylang: iqtidorli xonandalar «ko‘tarilish» uchun ozmuncha mehnat qilishmaydi. Sifatli qo‘shiq yozishadi, kliplar olishadi, bastakor va sozandalarga, qo‘shiqni «aylantirish»ga xarajat qilishadi. O‘zlarini tanitishadi, el aro mashhur bo‘lishadi. Bularning barchasi o‘zlarining mehnatlari evaziga. Nega endi «O‘zbekkonsert» ularning mashhurligiga qarab litsenziyalashi kerak? Axir bunda ularning hech qanday hissasi yo‘q-ku?

San'at sohasidagi ijodda raqobat muhitini shakllantirish uchun ham litsenziyalashni bekor qilish kerak. «O‘zbekkonsert» qo‘shiq o‘g‘rilariga qarshi kurashib, bu yo‘lda halol raqobat yuzaga kelishini ta'minlasa adolatdan bo‘lar edi.

Bloger Nurbek Alimov bu boradagi holatni xorij bilan taqqoslab tahlil qilgan.

Unga ko‘ra, aksariyat davlatlarda faqatgina o‘ziga tegishli bo‘lmagan musiqiy asarni ijro etish uchun ruxsat olish amaliyoti mavjud.

Rossiya Federatsiyasida hamda qo‘shni Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalarida musiqiy faoliyatni litsenziyalash amaliyoti mavjud emas. Faqatgina Turkmanistonning «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq, madaniyat va san'at faoliyati litsenziya talab qilinadigan faoliyat turlari qatoriga kiritilgan.

San'at — shou-biznes. Erkin raqobat sharoitida kimning iste'dodi bo‘lmasa bankrot bo‘ladi. Shuning uchun erkin muhit juda ham kerak. Hozirgidek biqiq sharoitda sifatli qo‘shiqlar yaratilishi ham qiyin.

«O‘zbekkonsert»ning konsertlar uchungina ruxsatnoma berish vakolatini saqlab qolib, qolgan barcha vakolatlardan mahrum etish kerak, deb o‘ylayman. San'atkor konsert uyushtirish uchun «zayavka»ni pulini to‘lab istalgan DXMdan olish imkoniyatiga ega bo‘lsin! Shu idoraga iloji bo‘lsa qadam bosmasin.

Ikkinchi masala: amaldagi qonunchilikka ko‘ra, san'atkorlar soliq to‘lashdan ozod qilingan. Ammo ular ham barcha xizmatchilar kabi soliqqa tortilishi kerak. To‘ydagi xizmatidan, uyushtirgan konsertidan, sotilgan disklaridan.

Mana, to‘ylarni ixchamlashtirmoqchimiz. San'atkorlar to‘y uchun bir martalik shartnoma bo‘yicha aniq narxni belgilab, har bir to‘y uchun avval soliq to‘lagani to‘g‘risidagi kvitansiyani to‘yxonaga topshirib, keyin kirishsin. To‘yning egasi kim va qaysi tashkilot bo‘lishidan qat'i nazar! Buni yo‘lga qo‘yishning qiyin joyi yo‘q-ku?

Haddidan oshgan san'atkorlarga baho berishni ham xalqqa qo‘yib berish kerak. Ko‘ryapmiz, xalqning o‘zi oyog‘i yerdan uzilganlarni osongina joyiga tushirib qo‘ya olyapti.

San'atkorlarga ijodiy erkinlik berish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshiruvchi hamda san'atkorlarni birlashtiruvchi yangi nodavlat-notijorat tashkilot tashkil etilishi taklifini ham to‘liq yoqlayman.

Chunki sekin-asta barcha sohada davlatning aralashuviga chek qo‘yilmoqda, erkinlashtirish jarayoni ketmoqda. San'atimizni ham erkinlik epkinlariga ro‘baro‘ qilish uchun allaqachon fursat yetgan.

Shuhrat ShOKIRJONOV

jurnalist

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top