12:00 / 30.10.2019
0
5500

Qonunchilik palatasi: «Xalqaro savdo» ko‘rsatkichida O‘zbekiston nega pastda ekani oydinlashdi

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2019 yil 29 oktyabrda o‘tkazilgan navbatdagi majlisida deputatlar kun tartibidan o‘rin olgan “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar.

Qonunchilik palatasi matbuot xizmatiga ko‘ra, mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda ma'muriy tartib-taomillarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan.

Ushbu qaror bilan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari veterinariya ruxsatnomalarini, fitosanitariya va veterinariya sertifikatlarini rasmiylashtirish uchun eksport qilishdan 30 kun oldin ariza bilan murojaat etish tartibi bekor qilindi.

Shu bilan birga, “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi Qonunning 30-moddasida karantin ostidagi mahsulotni eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar tegishli o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasini karantin ostidagi mahsulotni yuklab jo‘natish sanasi to‘g‘risida kamida o‘n kun oldin xabardor qilishi, mahsulotni yuklab jo‘natish uchun maqbul bo‘lgan joyni ular bilan birgalikda belgilashi, yuklab jo‘natish sanasidan uch kun oldin eksport qilinayotgan mahsulotni tekshirish uchun taqdim etishi shartligi belgilanmoqda.

Qayd etilganidek, xalqaro tajribani o‘rganish natijalari ilg‘or xorijiy mamlakatlarda tadbirkorlik sub'yektlariga eksport qilishdan oldin fitosanitariya sertifikatini olish uchun murojaat qilishning aniq muddatini belgilovchi yagona norma mavjud emasligini ko‘rsatdi. Xorijiy davlatlar qonunchiligida fitosanitariya sertifikatini berish muddati o‘rtacha besh kunni tashkil etadi.

Undan tashqari, qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tgan majlisda xalq vakillari eksport-importni amalga oshirishda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari ortiqcha xarajat va ko‘p vaqt sarflashiga sabab bo‘layotgani tufayli ham mamlakat “Doing business” reytingining “Xalqaro savdo” ko‘rsatkichida juda pastki o‘rinda qolayotganini bildirdilar.

Holbuki, mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha yuqori natijaga erishgan xorijiy davlatlar tajribasida eksport-import uchun sarflangan vaqt va xarajat qariyb nolga teng. Masalan, Daniyada (1-o‘rin) hujjatlarni rasmiylashtirish uchun 1 soat, Belarus Respublikasida esa, 4 soat vaqt sarflanadi, xolos.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi bilan amaldagi qonunga tegishli o‘zgartirish kiritilmoqda.

Kun tartibidan o‘rin olgan ushbu qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma'qullandi.

Doing Business 2020: O‘zbekiston «Qurilishga ruxsat berish»da 132-o‘rin, «Xalqaro savdo»da 152-o‘rinni egalladi

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top