10:20 / 30.10.2019
0
21510

Samarqanddagi «domlar» orasida qurilayotgan «dom» mojarosi: qurilish yana vaqtincha to‘xtatildi

Samarqand shahri Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi 72-uyda yashovchi fuqarolarning ayrimlari «dom» oldidagi maydonda yangi ko‘p qavatli uy qurilayotganidan noroziligini bildirishdi.

Vaziyatni o‘rganish uchun borganimizda quruvchilar tomonidan kotlovan qazish ishlari boshlab yuborilgan ekan.

Aholi vakillari aynan nima uchun noroziligini bilish uchun ularga mikrofon tutdik. Ular bu janjal 5 yildan buyon davom etayotgani, quruvchilar tomonidan qurilish ishlari mudom noqonuniy amalga oshirilayotgani, bolalar maydonchasi o‘rnidan uy qurish mumkin emasligi, bu mikrorayon o‘z vaqtida barcha narsa hisobga olinib barpo etilganini aytishdi.

Qurilish ishlarini olib borayotgan «Nurli kelajak ishonch servis» MChJ vakili Baxtiyor Ahmedov va ish boshqaruvchisi Shavkat Aslamovdan ham vaziyat bo‘yicha izoh oldik.

Baxtiyor Ahmedovning ma'lum qilishicha, mazkur 10 sotixcha yer qurilish ishlarini olib borayotgan shaxslarga bir paytlar 110 kvadrat metr maydonga ega do‘konlari buzilgani evaziga tovon tariqasida berilgan. Bu shahar hokimi qarorida ham o‘z aksini topgan.

Shavkat Aslamov esa qo‘shni «dom»lardagi aholining aksariyati qurilishdan roziligi, MChJ tomonidan mahalla hududi asfaltlanib, obodonlashtirib berilishini aytib o‘tdi.

Aholi vakillari qurilish ishlari sobiq shahar hokimi Furqat Rahimov tomonidan ikki bor to‘xtatilgani, avvalgi hokimning yer ajratish to‘g‘risidagi qarori bekor qilinganini ham aytib berishdi.

Biroq, qurilish ishlarini olib borayotgan «Nurli kelajak ishonch servis» korxonasi mas'uli Baxtiyor Ahmedov sud orqali 2015 yilda qurilish boshlashga rusxat berilgan shaharning avvalgi hokimi Akbar Shukurov tomonidan imzolangan qaror tiklanganini aytib o‘tdi.

Endi bu yerda qiziq holat bor. O‘sha qaror bo‘yicha dastlabki loyiha-qurilish hujjatlari bajarilgan. Loyihaga ko‘ra 62-, 64-, 66- va 68-domlarga yana bittadan pod'yezd qurishga ruxsat berilgan. Barcha hisob-kitoblar va chizmalar shu loyiha bo‘yicha qilingan.

Biroq bugunga kelib, aholi noroziliklaridan so‘ng loyiha o‘zgartirilgan. Endi avvaldan mavjud «dom»larga taqab emas, 3 pod'yezdli ikkita dom alohida quriladi va ulardan biri hozirgi bolalar maydonchasi o‘rnida qad rostlaydi. Bu quruvchilarning qo‘lidagi bosh reja bo‘yicha va qazilayotgan kotlovan ana shu yangi quriladigan domlarning birinchisiniki.

Eski loyiha bo‘yicha barcha hujjatlar qilingan. Biroq quruvchilar aholi noroziligidan so‘ng yangi reja bo‘yicha qilingan loyihani ko‘rsata olishmadi. Ya'ni, qurilish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha Nurobod tuman ma'muriy sudi tomonidan qayta tiklangan qaror bor, lekin loyiha-qurilish hujjatlari va tegishli organlardan ruxsat yo‘q.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati, shahar arxitektura va qurilish bo‘limi mutaxassislari bilan mazkur masalaga oydinlik kiritdik. Mutasaddilar loyiha hujjatlari tayyorlanib, kerakli tashkilotlardan boshqatdan ruxsat olingunga qadar qurilish ishlarini zudlik bilan to‘xtatish zarurligini tushuntirishdi.

Endi quruvchilar tegishli ruxsat beruvchi organlardan yangi loyiha-qurilish hujjatlarini tasdiqlata olsagina qurilish ishlarini bemalol davom ettiraverishlari mumkin.

Lekin nega bir paytlar buzilgan 110 kvadrat metr do‘kon uchun qariyb 10 sotix yer maydoni berilgani, bu adolat tamoyillariga nechog‘lik mosligi, nega berilgan maydonga do‘kon emas ko‘p qavatli «dom» qurilayotgani, nega viloyat hokimi «shahar ichida «tochechniy zastroyka»larga barham berdik», deb turganda yana bu ishlar «yeng ichida» yana davom ettirilayotgani xususidagi savollarga beriladigan javoblar chindan ham qiziq.

Kun.uz Samarqand shahrida ro‘y berayotgan mazkur vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatishda davom etadi va viloyatdagi mutasaddi tashkilotlardan tushuntirish so‘raydi.

Shuhrat ShOKIRJONOV, O‘tkir JALOLXONOV,
Faxriddin HOTAMOV, Kun.uz muxbirlari

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top