08:01 / 30.10.2019
2
7016

Shifokorlar uyma-uy patronaj xizmati ko‘rsatishi kerakmi?

Shifokorlar birlamchi tizimda 30 foiz davolash bilan shug‘ullanishi zarur, profilaktika esa 70 foizni tashkil etishi kerak.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasining birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridagi shifokorlar faoliyatidagi muammolar, kunduzgi shifoxonalar faoliyatiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

Unda qo‘mita a'zolari va Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari, shifokorlar tomonidan sohadagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda Sergeli tuman tibbiyot birlashmasi mudiri Munojot Abdullayevaning fikrlariga ko‘ra, bugungi kunda umumiy amaliyot shifokorining patronaj xizmati ko‘rsatishi to‘g‘ri emas. 

Munojot Abdullayeva

«Umumiy amaliyot shifokori chaqiriq bo‘lgan zarur holatlarda bemorlarni ko‘rgani uylarga borishi kerak, biroq o‘zi borib fuqarolardan hol so‘rab chiqishi to‘g‘ri emas. 

Birlamchi tizim shifokori sifatida aytishim mumkinki, profilaktika ishi birlamchi tizimda 70 foizni tashkil etishi kerak, vrach 30 foiz davolash bilan shug‘ullanishi zarur. Lekin bizda teskarisi, shifokor davolashdan vaqti qolganda profilaktika bilan shug‘ullanadi», - deya o‘z fikrlarini bildirdi Munojot Abdullayeva. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, Respublikadan borgan turli komissiyalar bilan ham patronaj shifokori joylarda birga yurishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa shifokorning o‘z vazifasini bajarishiga xalaqit bermoqda. 

Mavjud tartibga ko‘ra, umumiy amaliyot shifokori kuniga 6 nafar fuqaroni uyiga borib ko‘rishi belgilangan bo‘lib, bu vaqtda poliklinika yoki QVPga kelgan bemorni qabul qilish imkoni bo‘lmaydi. Har kuni 6 nafar bemorni uy sharoitida ko‘rish talabi shifokorning imkoniyatiga ham mos emasligi boshqa shifokorlar tomonidan ham e'tirof etildi.  

«O‘z sog‘ligining qadriga yetmagan odamning ortidan eshikma-eshik patronaj olib borishning foydasi yo‘q. Bu yerda masala ko‘p jihatdan tibbiy madaniyatga borib taqaladi. Biz jamiyatda o‘zgartirmoqchi bo‘lgan masala ham shu – odamlarimiz o‘zlarini o‘zlari hurmat qilishni o‘rgansin. Bizda ayrim toifadagi odamlarda boqimandalik kayfiyati shakllanib qoldi. 

Biroq buning uchun vrachlarni jarayonda qurbon qilish kerak emas. Undan ham muhimi, odamlar dunyoqarashi va tibbiy madaniyatini oshirish haqida bosh qotirish zarur», - deya ta'kidladi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spiker o‘rinbosari Alisher Qodirov. 

Alisher Qodirovga ko‘ra, mana shundan so‘nggina shifokorlarning salohiyati haqida gapirish o‘rinli bo‘ladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top