14:30 / 31.10.2019
0
3133

Senator: «Muammo yechimiga qaratilgan ilmiy ishlar uchun imtiyozlar joriy qilinishi kerak»

O‘zbekistonda qilinayotgan ilmiy ishlarning aksariyati amaliyotga joriy qilinmaydi. Qilinayotgan ilmiy ishlar turli sohalardagi dolzarb muammolarni hal qilishga yo‘naltirilmagan, deb hisoblaydi senator Zayniddin Nizomxo‘jayev.

Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash qo‘mitasining 30 oktabr kungi yig‘ilishida qo‘mita raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev ilmiy ishlarning amaliyot bilan bog‘lanmay qolayotganini qayd etib o‘tdi.

«Dissertatsiyalar mavzusini belgilashda respublikadagi qaysi sohalarda oqsoqliklar, muammolar bo‘lsa, shulardan kelib chiqish kerak. Masalan, yangi texnologik jihozlarni yaratish, qishloq xo‘jaligi sohasida muammolar talaygina. Ilmiy ishlar maqsadli bo‘lishi kerak. Dissertatsiyalar amaliyotdagi real muammolarga yechim topishi uchun ularga davlat buyurtmasini shakllantirish, turli ko‘rinishdagi imtiyozlarni joriy qilish lozim.

Dolzarb mavzuli ilmiy ishlar uchun grant ajratish masalasini ham ko‘rib chiqish lozim. Shunda ilmiy ishni qilishga ham, uni amaliyotga joriy qilishga ham rag‘bat ortadi», ─ deydi Senat qo‘mitasi raisi.

Majlisda joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida oliy ta'lim sohasida qilingan va bajarilmay qolgan ishlar yuzasidan muhokama bo‘lib o‘tdi. Unda aytilishicha, oliy ta'lim muassasalarida ilmiy ishlarni tijoratlashtirish bilan shug‘ullanuvchi bo‘limlar tashkil etilgan, lekin ular hali talab darajasida ishlay olayotgani yo‘q.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidovning aytishicha, O‘zbekistonda universitetlarning ham, ilmiy izlanuvchilarning ham ilmiy ishdan manfaatdorligi juda past.

«Chet elda OTM professor-o‘qituvchilari tomonidan qilinadigan ilmiy ishlarni tijoriylashtirish shu OTMni moliyalashtirishning asosiy manbalaridan hisoblanadi. Ammo bizda hali ilmiy ishlar universitet uchun arzirli moliyaviy manba bo‘la olgani yo‘q.

Ilmiy ishlarni tijoriylashtirish bo‘limlari endi tashkil etildi, mutaxassis o‘z ilmiy ishining natijasini bo‘limga taqdim etsa, ular tijoriylashtirish manbasini izlab topadi. Lekin hali bu natijani qayerga sotamiz, degan savolga aniq yechim yo‘q.

Ishlab chiqarishdagi amaliy jarayonlar bilan doimiy aloqa ushlab turilmagani bois ilmiy ishning ahamiyati yuqori emas. Universitetning ham, ilmiy izlanuvchining ham ilmiy ishdan manfaatdorligi juda past», ─ deydi Majidov.

Vazirning hisobotiga ko‘ra, 2019 yilning o‘tgan 9 oyi davomida respublika bo‘yicha 710ta ilmiy ish yoqlangan bo‘lib, shulardan 133tasi fan doktorligi, 577tasi falsafa doktorligi hisoblanadi. Universitet professor-o‘qituvchilarining ilmiy darajaga egaligi 36,7 foizni (9737 nafar) tashkil etgan.

Majidovga ko‘ra, pedagoglarning ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy ishlarning o‘z vaqtida qilinishini ta'minlash maqsadida 43ta OTMda doktorantlar maktabi tashkil etilgan. Ilmiy ish bilan shug‘ullanish davomida turli imtiyozlar ajratish, mehnat yuklamasini kamaytirish bilan birga, ilmiy ish yoqlangandan keyin bir oy davomida moddiy rag‘batlantirish berish tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top