10:10 / 01.11.2019
0
5155

Samarqanddagi forumda 389 ming nafar ayol ishlash uchun chetga chiqib ketgani tilga olindi

Samarqandda «XXI asr ijtimoiy muammolarini hal qilishda Markaziy Osiyo xotin-qizlari roli» xalqaro forumi o‘z ishini boshladi. Forumda Markaziy Osiyoda xotin-qizlarga oid qator muammolar muhokama etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati, «Sabr» iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish markazi hamda bir qator xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan forumda O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iston va Qozog‘istondagi davlat va nodavlat tuzilmalari vakillari ishtirok etdi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, anjumanning dastlabki qismida mutasaddi tashkilotlar O‘zbekistonda ayollarning ijtimoiy muammolarini hal qilish borasidagi ishlar va ayni kundagi muammolarga to‘xtaldi.

Gavhar Alimova, senator:

— Fikrimizcha, ayollarning oiladagi muammolariga, ular duch kelayotgan zo‘ravonliklarga barham bermasdan turib bu borada katta natijalarga erishish qiyin. Biz ilgari ijtimoiy zo‘ravonlik holatlarini yashirganmiz. Ammo endi ochiq aytish kerak. Misol uchun, bir yil davomida bitta viloyatda 600 nafargacha erkak alkogol ta'sirida ayoliga zo‘ravonlik qiladi. E'tibor bering, biz ayollarning muammolari bo‘yicha ayollar bilan ishlayapmiz. Ammo bunda erkaklar bilan ishlash muhimroq. Afsuski, bu boradagi ishlar qiyin kechmoqda.

Tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bo‘lim boshlig‘i Fazliddin Mamarasulov ham bugungi kundagi muammolar tahlilini o‘rtaga tashladi:

— Joriy yilning 1 iyul holatiga yurtimizdagi jami band aholining har uch nafardan biri ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi. Yilning dastlabki yarmida respublikada ishsizlik darajasi 9,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, xotin-qizlar o‘rtasidagi ishsizlik 13 foizga yetadi. Ya'ni, ishsizlarning 53 foizi ayollarga to‘g‘ri keladi.

Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet davlatlarga chiqib ketgan 2 million 594 ming fuqaroning 15 foizga yaqini (389 ming nafar) ayollardir. Bu esa hanuz O‘zbekistonda xotin-qizlar bandligini ta'minlash borasidagi ishlar yetarli bo‘lmayotganidan dalolat beradi, – deydi mehnat vazirligi vakili.

Oliy Majlis Senati axborot xizmati mazkur forum Markaziy Osiyo xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini yoritish va hal etishga ijobiy ta'sir ko‘rsatadiganlarni birlashtirganini qayd etgan. Shuningdek, bu anjuman xotin-qizlar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston jamoat tashkilotlari, biznes va davlat sektori vakillari tomonidan amalga oshirilayotgan eng yaxshi innovatsion loyihalar taqdimoti uchun maydon vazifasini o‘tashi ko‘zda tutilmoqda.

Forumda Markaziy Osiyoda xotin-qizlar ahvoli (gender tenglik, huquqlar va imkoniyatlarni kengaytirish), ularni qo‘llab-quvvatlashda innovatsion loyihalar, moliyaviy resurslardan foydalanishlari imkoniyati kabi o‘nlab masalalar ko‘rib chiqilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top