16:40 / 01.11.2019
1
3881

SSV «Tez yordam»ga tushayotgan asossiz chaqiriqlar shifokorlar vaqtini o‘g‘irlashi haqida eslatdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati «Tez yordam»ga kelib tushayotgan asossiz chaqiriqlar ortiqcha vaqt va mablag‘ ketishiga olib kelish bilan birga, shifokor va tibbiy yordam mashinasining band bo‘lib qolishiga ham sabab bo‘layotganini eslatib o‘tdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Mirobod tumani Mehrjon ko‘chasida joylashgan 2-sonli IIB bo‘limida 25 yoshli shaxsni ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida Mirobod tuman tez yordam bo‘limiga kelib tushgan murojaat yuzasidan tarqalgan videoxabar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘rganildi.

Ma'lum bo‘lishicha, turli ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavha shu yilning 24 oktabr kuni emas, balki 26 iyunida ro‘y bergan hamda voqea joyidagi shaxslar tomonidan tasvirga olingan. Unga ko‘ra, tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari xizmat vazifasi vaqtida ikki nafar ayolni mast holatda jamoat joyida janjallashib turganida qo‘lga oladi. Vaziyatni oydinlashtirish maqsadida ular bilan suhbatlashish asnosida alkogol mahsuloti iste'mol qilingani aniqlanadi. Ammo shunga qaramay fuqarolarning jismoniy va ruhiy holatini tibbiy tasdiqlash maqsadida tonggi soat 7:55 atrofida ichki ishlar xodimlari tomonidan tez yordam chaqiriladi.

Shu orada hududdagi podstansiyada murojaatlar ko‘pligi bois, faqat bitta brigada bo‘sh bo‘lgani va ayni shu vaqtda podstansiyaga tumandagi Oq yo‘l ko‘chasi 195-xonadonda istiqomat qiluvchi 65 yoshli ayolning yurak xuruji bilan bog‘liq chaqirig‘i kelib tushgani sabab shifokorlar avval ushbu manzilga zudlik bilan yetib boradi. Bemorga tibbiy yordam ko‘rsatib, uning hayotini saqlab qolishga sababchi bo‘lishadi. Shundan so‘ng qariyb yarim soatdan oshiqroq vaqt o‘tib, ikkinchi chaqiriq tushgan IIB bo‘limiga borishadi.

Bu yerda tasvirdagi ayol tomonidan «chaqiriqqa kech kelding» deya, o‘sha yerdagi ichki ishlar xodimlari guvohligida shifokor E.Saliyevga nisbatan turli kamsitish va haqoratomuz so‘zlar aytiladi. Shunga qaramay shifokor ayolni ko‘rikdan o‘tkazadi va unda mastlik holati mavjudligini aniqlaydi.

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, so‘nggi paytlarda yurtimizda xalqimizga tezkor va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishda shoshilinch va tez tibbiy yordamning sifat va samaradorligini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Natijada aholining «tez yordam»ga ishonchi ortmoqda. Masalan, joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida birgina Toshkent shahri miqyosida «tez yordam»ga 750 mingga yaqin chaqiriqlar tushgan. Bu ko‘rsatkich 2018 yilning shu davriga nisbatan 7 foiz ko‘proqdir.

Biroq, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan zamonaviy sharoitlarga qaramay, sohada hali qator masalalar ham yo‘q emas. Masalan, ba'zi hollarda «tez yordam»ga tushayotgan chaqiriqlarning 30-40 foizi asossiz chaqiriqlarga to‘g‘ri kelayotgani achinarli albatta. Aksariyat holatlarda u yoki bu surunkali kasalligi bor bemorlar goh qon bosimini o‘lchatish, gohida qaysidir ukolni qildirish yoki bo‘lmasa rejali davolash muolajalari uchun ham «tez yordam»ni chaqiraverishlarini nima bilan izohlash mumkin? 

Ustiga ustak, xuddi shu holat ichki ishlar xodimlari tomonidan oddiy tekshiruvlarga ham chaqirish holatlarida tez-tez uchrab turmoqda. Bu esa oddiy chaqiriqdan ko‘ra ko‘proq vaqt oladi, shifokor ham, tibbiy yordam mashinasi ham band bo‘lib qolishiga olib keladi. 

Shu bois yuqoridagi holatlarga barham berish va asossiz chaqiriqlar sonini kamaytirish maqsadida Mirobod tuman 7-tez tibbiy yordam bo‘limi tomonidan joriy yilning may oyida tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat xati bilan chiqilgan. Natijada ushbu chaqiriqlarning soni kamayishiga erishilmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top