17:49 / 04.11.2019
0
7417

Meva, gilam, tish cho‘tkasi: «O‘zmilliybank» ishlab chiqarishning ko‘plab sohalarini qo‘llab-quvvatlamoqda

O‘zbekiston moliya-bank tizimida yetakchilardan hisoblangan Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki media vakillari uchun Samarqand shahriga press-tur uyushtirdi. Unda bank tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan hamda hududning iqtisodiy rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shayotgan loyihalar xususida ma'lumot berildi.

«O‘zmilliybank»ning samarqandlik aholi uchun xizmat ko‘rsatadigan bo‘limi 1992 yilda o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, hozirgi kunda 325.000dan ziyod mijozga ega. Oktabr oyi holatiga ko‘ra bo‘lim tomonidan 2 trln. 243,2 mlrd so‘m mablag‘ aholi uchun ajratilgan.

TIF Milliy bank Samarqand bo‘limi aholining bank xizmatlariga bo‘lgan talabini qondirish bilan bir qatorda, mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish orqali iqtisodiy taraqqiyotga, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sifatining yaxshilanishiga ham hissa qo‘shmoqda.

Urgut Agro Vet Servis: ko‘chatdan qadoqqacha sifat kafolati

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va eksportga yo‘naltirish bilan shug‘ullanayotgan Urgut Agro Vet Servis korxonasi 2015 yilda o‘z faoliyatini boshlagan. Milliy bank tomonidan ajratilgan bog‘ uchun 3,5 mlrd so‘m va tayyorlash texnologiyalari uchun 2,5 mlrd so‘m mablag‘ asosida o‘z ishini boshlagan korxona bugungi kunda 6ta yo‘nalishda faoliyat olib bormoqda. Soli Mahmudov boshchiligidagi Urgut Agro Vet Servis 26 nafar xodimni ish bilan ta'minlagan. Korxona rahbarining so‘zlariga ko‘ra, korxona to‘liq quvvatda ishlay boshlagach, ish o‘rinlari soni 200tadan oshiriladi.

Mahsulotini Qozog‘iston, Rossiya, Ukraina, Belorusiya, Xitoyga eksport qilayotgan korxona yaqin orada BAA bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Ishlab chiqarish hajmi bir kunda 16 tonna, oyiga 450-500 tonna, yiliga 600 tonnani tashkil etadi, eksportning minimal narxi bir tonna uchun 650 dollarga teng. Tozalash, yuvish, quritish, qayta tayyorlash va qadoqlashga mo‘ljallangan texnologiya Xitoydan keltirilgan. Gilos, uzum, olcha va olma ko‘chatlarining ekilib, tayyor qadoqlangan ko‘rinishga kelguniga qadar bo‘lgan jarayonning barchasi korxona tomonidan amalga oshiriladi.

Urgaz Carpet: 20 tonna ipdan bittasi ham uzilmaydi

2002 yilda dastlab o‘z faoliyatini 30 nafar ishchi bilan mexanik tarzda boshlagan Urgaz Carpet korxonasi bugungi kunda to‘liq kompyuterlashtirilgan tizimga o‘tgan. «O‘zmilliybank» tomonidan ajratilgan mablag‘lar asosida xorijdan, xususan, Turkiya, Angliya, Germaniya, Italiya, Avstriyadan olib kelingan zamonaviy asbob-uskunalar asosida yuqori sifatli gilamlarni ishlab chiqarmoqda. Har bir gilamning o‘zgacha ko‘rinishga ega bo‘lishi uchun 30 nafar dizayner mehnat qiladi, tayyor andoza Belgiyaning Van Die Wiele uskunasi yordamida gilamga tushiriladi. Yuqori texnologiya asosida ishlaydigan uskuna gilamni to‘qishga sarflanadigan 20 tonna ipning bir tolasi ham uzilmasligini kafolatlaydi.

Xomashyo dastlab qo‘shni davlatlardan olib kelingan bo‘lsa, 2009 yildan boshlab kanopni Bangladeshdan, ip uchun talab etiladigan polipropen granulani Qoraqalpog‘istondan sotib olish hamda 8 xil rangda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Mahsulotining 40 foizdan ortig‘ini eksportga yo‘naltiradigan korxona bundan yiliga 7-8 mln dollar daromad oladi. Eksport asosan Qozog‘iston, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Dog‘iston, Latviya, Tojikiston, Afg‘onistonga yo‘naltiriladi.

Urgut Micro Metall: milliy mahsulot ishlab chiqaruvchisi

2018 yilda «O‘zmilliybank» tomonidan yo‘naltirilgan 1 mln 600 ming dollar asosida o‘z faoliyatini boshlagan Urgut Micro Metal korxonasi tish cho‘tkasi, skotch, neylon, akril yelimi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda. Hozirgi kunda ishchilar soni 35 nafarni tashkil etadi, yil yakuniga qadar ish o‘rnini 60taga yetkazish rejalashtirilgan. Korxona tish cho‘tkasi va skotch ishlab chiqarishni to‘la ishga tushirgan bo‘lib, 1140 dona skotch va 2004ta cho‘tka tayyor bo‘lishi uchun 1 soat vaqt sarflanadi.

Mahsulotlarning 20dan ortiq ko‘rinishdagi dizayni ustida 3 nafar mutaxassis mehnat qilmoqda. Korxona yaqin kunlarda o‘z logotipini ishlab chiqadi hamda Qirg‘iziston va Afg‘oniston bilan ilk eksport hamkorligi yo‘lga qo‘yiladi. 2020 yilda «O‘zmilliybank»dan qo‘shimcha 1,5 mln dollarni jalb qilish orqali arzon va sifatli tish pastalarini tayyorlash ko‘zda tutilmoqda.

«O‘zmilliybank» Matbuot xizmati

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top