21:30 / 05.11.2019
9
26048

Freedom House: «O‘zbekistonda internet qat'iy nazorat ostida qolmoqda»

Freedom House xalqaro nohukumat tashkiloti dunyo mamlakatlaridagi internet erkinligi bilan bog‘liq vaziyat to‘g‘risidagi tadqiqotini e'lon qildi.

Reytingga ko‘ra, O‘zbekiston 100 balldan 26 ball to‘pladi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan atigi bir ball yuqoridir.

Reytingda mamlakatlar uch omil: internetga kirishga hukumat tomonidan to‘siq, senzura va foydalanuvchi huquqining buzilishi bo‘yicha baholandi. Reytingda butun dunyodagi foydalanuvchilarning 87 foizini qamrab olgan 65 mamlakatdagi internet erkinligi baholangan. Hisobotda 2018 yil iyundan 2019 yil maygacha bo‘lgan vaziyat tahlil qilingan.

«O‘zbekistonda internetda erkin fikr bildirish uchun kichik makon paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, internet qat'iy nazorat ostida qolmoqda. Aksariyat (ammo barcha emas) xalqaro ommaviy axborot vositalari veb-saytlariga kirish tiklangani tahsinga loyiq, bu deyarli 15 yillik mustaqil tanqidiy fikrlarga to‘siq qo‘yish siyosatiga barham berilganini anglatadi», - deyiladi hisobotda.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda internet tezligi nisbatan pastligicha qolmoqda. Abonentlar sifatsiz aloqa va tez-tez uzilishlarga duch kelmoqda. Speedtest ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yil may holatiga keng polosali aloqa tezligi 14,37 Mbit / sni tashkil etgan (jahonda 131-o‘rin) bo‘lsa, mobil keng polosali aloqa tezligi 9,77 Mbit / s bo‘lgan (129-o‘rin).

«O‘zbekiston hukumati internetda fikr bildirganlik uchun jazolashda keng vakolatlarga ega va ijtimoiy tarmoqlarni muntazam nazorat qiladi», - deyiladi tadqiqotda.

Hisobotda aytilishicha, 65 mamlakatdan 33tasida internet erkinligi yomonlashgan. Bu borada eng yomon ko‘rsatkich Sudan va Qozog‘istonda qayd etilgan. 16 mamlakatda ko‘rsatkich yaxshilangan bo‘lib, eng katta o‘sish Efiopiyada bo‘lgan. AQShda ham internet erkinligi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgan. Xitoy internet erkinligini buzish bo‘yicha qatorasiga to‘rtinchi bor birinchi o‘rinda qayd etilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top