19:51 / 05.11.2019
0
9504

Tanzila Norboyeva Qozog‘iston prezidenti bilan uchrashdi

Uchrashuv davomida tomonlar yuksak darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini va keng ko‘lamli ikki tomonlama hamkorlikning boshqa masalalarini muhokama qildilar.

Foto: Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati

Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Qozog‘istonda bo‘lib turibdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bilan uchrashdi.

Qozog‘iston rahbari Tanzila Norboyevaning tashrifi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishi va davlatlararo munosabatlarga qo‘shimcha turtki berishi tufayli katta ahamiyatga ega ekanligini ta'kidladi.

“Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor bo‘libgina qolmay, balki qator masalalarda bir-birini to‘ldirib turadi. Shuning uchun muvaffaqiyat qozonishimiz muqarrar. Boz ustiga, biz hamkasbim O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan har jabhada hamkorlikni rivojlantirish uchun faol harakat qilishga kelishib olganmiz”, – dedi Qosim-Jomart Toqayev. 

Foto: Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati

Qozog‘iston Prezidenti 2018 yilda savdo hajmi 2,5 mlrd dollarga yetganligiga va shu yilning 9 oyi davomida o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan oshib ketganligiga urg‘u berdi.

O‘z navbatida, Tanzila Norboyeva iliq kutib olganliklari uchun minnatdorlik bildirdi va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrik so‘zini yetkazdi. Senat rahbari Qosim-Jomart Toqayevning davlat rahbari lavozimiga saylanishi uning avvalgi lavozimda tajribali diplomat, obroʻ-eʼtiborli rahbar va, eng asosiysi, Qozog‘istonda davlatchilikni mustahkamlash, xavfsizlikni ta'minlash va iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lida kuchli siyosat olib borgan Birinchi prezident Nursulton Nazarboyev g‘oyalarini davom ettiruvchisi shaxs sifatidagi faoliyatining e'tirofi ekanligini ta'kidladi.

Foto: Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi O‘zbekistonda bu yil Qozog‘iston yili o‘tkazilishi munosabati bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tadbirlarni xalqlarimiz yaqinlashishiga yorqin misol qilib keltirdi. Tanzila Norboyeva Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning O‘zbekiston Respublikasiga birinchi davlat tashrifi ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirishga turtki berganligini ta'kidladi.

Uchrashuv davomida tomonlar yuksak darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini va keng ko‘lamli ikki tomonlama hamkorlikning boshqa masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb mavzular yuzasidan ham fikr almashildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top