17:10 / 06.11.2019
0
6628

Osiyo chempioni bo‘lgan og‘ir atletikachi yoshlar Samarqandda qizg‘in kutib olindi

Samarqand shahridagi Ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatida og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionati g‘oliblari va sovrindorlarini qutlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shu yilning 18-28 oktabr kunlari KXDR poytaxti Pyongyang shahrida bo‘lib o‘tgan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida mazkur maktab-internatning 4 nafar yosh sportchisi O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilib, shohsupaga chiqishdi.

Jumladan, Azimjon Hoshimov 3ta oltin, Doniyor Hamidov 3ta oltin va bitta bronza, Og‘abek To‘xtayev bittadan oltin, kumush va bronza, Hojiakbar Olimov 2ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Ushbu sportchilar o‘zlari ta'lim olayotgan maskanda qizg‘in kutib olindi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar ularni nufuzli musobaqada ishtirokini ta'minlagani uchun Samarqand viloyat hokimligi, viloyat sport ishlari boshqarmasi va homiylarga minnatdorchilik bildirib o‘tishdi.

«Keyingi oylarda maktab-internatimizda ta'lim olayotgan yoshlar jahon va qit'a maydonlarida yuqori natijalarni ko‘rsata boshlashdi. Og‘ir atletikadan yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan ushbu sportchilarimizdan tashqari, Lochin Xudoyqulov va Nodira Gulova 12-15 sentabr kunlari Hindiston poytaxti Dehli shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 2ta oltin, A'zam Rashidov kumush, Og‘abek Tirkashev bronza medallarini olib kelishdi.

9-16 sentabr kunlari BAAda o‘tkazilgan boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida Iqboljon Qudratov bronza medaliga sazovor bo‘ldi», — deydi maktab-internat direktori o‘rinbosari, dzyudo bo‘yicha jahon chempioni O‘tkir Qurbonov.

Tadbirda sportchilar o‘zlarining taassurotlari va g‘oliblik sari qilgan mehnatlari bilan o‘rtoqlashishdi. Ularga qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘z muxbirimiz.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top