15:23 / 06.11.2019
1
17203

O‘zbekistonda bo‘lish qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik bekor qilindi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha bo‘lish qoidalarini buzganligi uchun javobgarligi liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 30 sentyabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 11 oktyabrda ma'qullangan.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 224-moddasi (O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzish) chiqarib tashlandi.

Shu vaqtga qadar chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzishi, ya'ni O‘zbekistonda yashash huquqini beradigan hujjatlarsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan hujjatlar bilan yashashi, vaqtincha yoki doimiy propiska, ko‘chish yoki turar joy tanlash yuzasidan belgilangan tartibga rioya etmasligi, bo‘lish muddati tugagach chiqib ketishdan bo‘yin tovlashi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining hududi orqali tranzit tarzda o‘tish tartibiga rioya qilmasligi, agar shunday qilmishlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanardi.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi qoidalarida nazarda tutilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni qabul qilish tartibining mansabdor shaxs tomonidan buzilishi, ana shunday qilmishlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa eng kam ish haqining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima solish yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolangan.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni xususiy ish bilan O‘zbekiston Respublikasiga taklif qilgan fuqaro tomonidan mazkur fuqarolarning vaqtincha propiskadan o‘tishlarini, shuningdek ular shu yerda bo‘lishining belgilangan muddati o‘tgach chiqib ketishlarini ta'minlashga doir choralar ko‘rilmasligi, shuningdek uy-joy, transport vositalari berib qo‘yilishi yoxud boshqa xizmatlar ko‘rsatilishi, agar bu O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarining buzilishiga olib kelishi oldindan ayon bo‘lib, ana shunday qilmishlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa eng kam ish haqining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima solish yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top