15:29 / 06.11.2019
0
21627

Toshkentdagi zamonaviy Davlat xizmatlari markazlarining birinchisi Chilonzorda ochildi (fotogalereya)

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida yangi qiyofadagi Davlat xizmatlari markazi ochildi. Ushbu markaz poytaxtda foydalanishga topshirilayotgan zamonaviy DXM binolaridan birinchisi bo‘lib, Toshkentda yana 8ta markaz qurilishi davom etmoqda.

Davlat xizmatlari agentligidan ma'lum qilishlaricha, bino qurilishida uning bugungi kun jahon talablariga mos kelishi, kengligi, xizmat oluvchilarga barcha zarur shart-sharoitlar mavjudligiga alohida e'tibor qaratilgan.

Agentlik davlat xizmatlaridan foydalanuvchilar uchun qulay servisni tashkil etilishi va har mijoz markazdan mamnun bo‘lib chiqib ketishiga alohida e'tibor qaratadi.

Bu yerda fuqarolarga 100dan ortiq xizmat turlari taklif etiladi. Binoda elektron navbat, infokiosk, kutish va tibbiy xizmat ko‘rsatish joylari, bolalar maydonchasi, kafe, kutubxona, shuningdek elektron xizmatlardan foydalanish ko‘nikmasiga ega xizmat oluvchilar (o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatishi) uchun alohida maydonlar mavjud.

Markazda elektron navbat tizimi bilan integratsiya qilingan maxsus platforma tashkil etilib, ilk bor sinov tariqasida ishga tushirilmoqda. Uning yordamida xizmat oluvchilar xizmat ko‘rsatish jarayoni va xizmat ko‘rsatgan xodimni baholashi mumkin bo‘ladi. Bu esa Agentlik va fuqarolar o‘rtasida o‘zaro aloqani o‘rnatishga zamin yaratadi. Fuqarolar esa xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish jarayoniga o‘z hissasini qo‘shish imkoniga ega bo‘ladilar. 

Yuqoridagi barcha jarayonlar biznes tahlil (BI – Business Intelligence) yordamida Agentlik mas'ul xodimlari tomonidan monitoring qilib boriladi. Bundan tashqari, fuqarolarning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda, davlat xizmatlarini olish uchun elektron raqamli imzo so‘ralmaydi. Mazkur markazda sinov tariqasida maxsus elektron imzo moslamasi mavjud.

Endi bank kassalarida navbatda turishga ham hojat qolmaydi. Bank kartochkasi mavjud bo‘lgan xizmat oluvchilar uchun davlat bojlari va boshqa to‘lovlarni o‘rnatilgan POS-terminal, hamda PayMe GO tizimi orqali to‘lash imkoni yaratilgan.

Huquqiy maslahat kerak bo‘lib qolsa, DXMda joylashgan «Madad» nodavlat muassasasining Toshkentdagi ilk bo‘limiga murojaat etish mumkin.

Shuningdek, binodan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi, Bosh vazir qabulxonasi, Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash markazi, notarius xonasi va boshqalar ham joy olgan.

Davlat xizmatlari agentligi ma'lumotiga ko‘ra, respublika bo‘yicha DXMlar soni 55taga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, DXMlarda aksariyat xizmatlar eksterritorial tamoyil asosida ko‘rsatiladi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top