18:10 / 07.11.2019
0
6431

Maktab shahodatnomasi haqiqiyligini QR-kod orqali tekshirish imkoniyati yaratildi

Bugun, 7 noyabr kuni Xalq ta'limi vazirligi binosida tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, bajariladigan ustuvor vazifalar axborotiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov o‘z hisoboti bilan qatnashdi, yangiliklar haqida xabar qildi.

«Umumta'lim tizimida ham qator islohotlar qilindi. Jumladan, shahodatnoma berishda ham. Endilikda undagi ma'lumotlar o‘zbek, rus, ingliz tillarida bosma chiqartiriladi. Ilgari shahodatnoma matni bitta tilda yozilgan. QR-kod orqali o‘quvchi haqida ma'lumot olish mumkin. OTMga hujjat qabul qiluvchi komissiya shu kod yordamida shahodatnoma haqiqiyligini tekshira oladi. Bunda inson faktorini kamaytirishga va korrupsion harakatlar oldini olishga erishiladi. Kelgusidagi rejalarga kelsak, o‘qituvchilar test natijalariga ko‘ra, individual malaka oshirishga (on job training) jalb etiladi.

309ta maktab direktorlari menejyerlik kurslarida o‘qitiladi. O‘qituvchilarning dars taqsimotlari qaytadan ko‘rib chiqiladi va yuqori natijaga erishgan pedagoglarning dars soatlari oshiriladi», deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Sherzod Shermatovning qo‘shimcha qilishicha, umumta'lim maktablarida yangicha «Tarbiya» fani joriy etiladi. Shuningdek, ta'limda AKTni keng joriy etish bo‘yicha «IT-Nation» tizimi loyihasi amalga oshiriladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top