08:19 / 07.11.2019
0
12814

Toshkentda YPX inspektorlari tomonidan bodi-kameralar sinovdan o‘tkazilmoqda 

Foto: IIV axborot xizmati

Hozirgi kunda Toshkent shahrida mobil videokameralarni test rejimida sinovdan o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda. 

IIV xabariga ko‘ra, sinov davomida kameralar turli ob-havo sharoitlarida, turli ko‘rinishlarda, har xil holatlarda va vaziyatlarda ishlatib ko‘riladi.

Sinov tekshiruvlarida aniqlangan kamchiliklar esa kameralarni ishlab chiqaruvchilariga yetkazildi va bartaraf etiladi. Shuningdek, ma'lumotlarni saqlash qurilmalari, dasturiy ta'minot ham sinovdan o‘tkaziladi. Ertaga yo‘llarda turli kelishmovchiliklar va ziddiyatlar, bahs-munozaralar kelib chiqmasligi aynan mana shu qurilma hamda dasturiy ta'minotning to‘g‘ri va aniq ishlashiga bog‘liq.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash yo‘nalishidagi ishlar samaradorligi oshirish maqsadida tasdiqlangan “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan YPX inspektorlari o‘z xizmat vazifalarini mobil videokameradan foydalangan holda oshkora olib borishlari belgilangan.

Mobil videokamera bilan ishlash jarayonida xodim yo‘l harakati qatnashchisini to‘xtatganidan keyin uning oldiga borishi, o‘zini tanishtirishi, lavozimi, unvoni, familiyasi haqida ma'lumot berishi, uning talabiga ko‘ra ko‘krak nishon belgisini ma'lum qilishi va xizmat guvohnomasini ochiq holda ko‘rsatishi kerak. Eng muhimi, yo‘l harakati qatnashchilariga mobil videokameradan foydalanayotganini ma'lum qilishi va kelgusida noqonuniy xatti-harakatlar sodir etsa, aybini isbotlash uchun undagi video yozuvdan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirishi lozim.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top