17:35 / 08.11.2019
0
30617

«70 yoshimda ham o‘zimni 25 yashar yigitdek his etyapman» – Boks afsonasi Rufat Risqiyev bilan suhbat

Rufat Risqiyev – o‘zbek boksining chinakam afsonasi. «Toshkent yo‘lbarsi» nomi bilan tanilgan bokschining muxlislari orasida bir necha avlod vakillarining borligi shubhasiz.

Bugungi qahramonimiz sportdagi faoliyati davomida jahon va Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilib, AQSh, Kuba, Avstriya, Ispaniya kabi davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro turnirlarda raqiblari ustidan olamshumul g‘alabalarga erishgan.

Uch yil avval venalar trombozi og‘irlashgani tufayli o‘ng oyog‘idan ayrilgan Rufat Risqiyev 2 oktabr kuni o‘zining muborak 70 yoshini qarshiladi. Kun.uz muxbiri o‘zbek boksidagi ilk jahon chempioni sanaluvchi taniqli charm qo‘lqop ustasi bilan suhbatlashish maqsadida uning xonadonida bo‘ldi.

– Rufat aka, muborak 70 yoshingiz bilan samimiy tabriklaymiz. Ko‘nglingizdan qanday hislar kechmoqda?

– Qutlov uchun katta rahmat. Bilasizmi, 70 yoshga kirgan bo‘lsam ham, haligacha o‘zimni 25 yoshli yigitdek his qilaman. Ko‘rganlar o‘zgarganimni sezishadi. Ammo hamon ko‘nglim yosh, nazarimda o‘zgarmaganman.

– Bir necha yil avval o‘ng oyog‘ingizni operatsiya orqali kestirib tashlaganingiz haqida gap-so‘zlar tarqalgandi. Hozir esa o‘sha mish-mishlar rostligiga ishonch hosil qildik.

– Bir paytlar devordan asfaltga sakraganimda oyog‘im jarohatlangandi. Og‘rig‘iga ahamiyat bermay, tezda tuzaladi, degan fikrda yuraverganman. Yillar davomida lat yegan joyi yiringlab ketibdi. Shifokorga uchrasam, oyog‘imni kesib tashlash kerakligini aytdi. Shundan so‘ng o‘sha holatda ham yana yarim yil yurdim. Keyin oxiri o‘ng oyog‘imni kestirib tashlashga majbur bo‘ldim.

 – Kun bo‘yi bir joyda o‘tirib zerikmaysizmi?

– Yo‘q, aslo zerikmayman. 16 yoshdan 27 yoshgacha shunaqa ko‘p yurganmanki, samolyotma-samolyot, musobaqama-musobaqa, mashg‘ulotma-mashg‘ulot yurib, o‘n yildan ortiq umrim o‘tdi.

Bir safar Bolgariyadan Rossiyaga uchib keldim. O‘sha zahoti Moskvadan to‘g‘ri Germaniyaga jo‘nashim kerak edi. Ammo mas'ullar Germaniyaga emas, Toshkentga uchib ketishim zarurligi va bir necha kun hordiq olib, so‘ng Germaniya tomon uchishimni aytishdi. Shunda quvonganimdan «Uraa uyga boraman!» deya rosa sakraganman. O‘zim istagan dunyoning ko‘p davlatlarida bo‘ldim. Faqat Italiya va Fransiyaga borolmaganman.

Boksdagi faoliyatimni to‘xtatganimga 43 yil bo‘ldi. Lekin haligacha boks haqida gapirishadi. Ko‘chada, hammomda, to‘yda, tadbirlarda turli savollar berishadi. Ularga «Boshqa gaplaring yo‘qmi?» deyman. Oldin juda charchagan edim. Hozir esa asta-sekin gaplashyapman.

 – O‘tgan vaqt davomida nimalar bilan band bo‘ldingiz?

 – Hech narsa bilan shug‘ullanmadim deyarli. Yuqorida aytganimdek, men boksdan juda charchagan edim. 1976 yildan beri intervyular ham bermaganman. Oxirgi yillarda yana suhbatlashib, avvalgi odatlarimga qaytyapman.

 – Nima sababdan aynan boksni tanlagansiz?

– Toshkentning Navoiy ko‘chasida turardik. O‘rtoqlarimga qo‘shilishib darsdan keyin akrobatika mashg‘ulotlariga qatnaganman. Menga umuman yoqmagan bo‘lsa-da, bir muddat shu sport turi bilan shug‘ullanganman. Keyin ular boksga borishni boshlashdi. Men ham ular bilan birga qatnadim. Ko‘p o‘tmay, o‘rtoqlarim mashg‘ulotlarni tashlashdi negadir. Mening hayotim esa boks bilan bog‘landi.

Boks alifbosini o‘rgatgan ilk murabbiyim Jakson kasal bo‘lgach, Aleksey Baranov  mashg‘ulotlariga qatnashni boshladim. U menga boks maktabini bergan. 1966 yili Baranov xorijga ketganidan so‘ng Boris Granatkin bilan ishladim. Boks Oliy maktabidan saboq bergan u inson bilan faoliyatimning oxirigacha, ya'ni 1976 yilga qadar birga bo‘lganmiz.

 – Boks olamiga necha yoshingizda kirib kelgansiz?

– 12 yoshimda. Jaksonning oldiga borganimda 12 yoshda edim.

 – Ishtirokingizdagi qaysi musobaqa esda qolarli kechgan?

– Janglar va g‘alabalar juda ko‘p bo‘lgan. Ammo 1976 yil Monrealda o‘tkazilgan XXI yozgi olimpiadada yutqazganim hech esimdan chiqmaydi. Menda ayb bo‘lmagan. Sekundomerimga shu-shu gaplarni ayt, deganman. U esa hamma so‘zlarimni teskarisini gapirgan. O‘shanda ham baribir unga ishonganman. 4 raund qo‘lim baland kelgan, 5-raundda esa mag‘lubiyatga uchraganman. Bu borada sekundomer bilan ko‘p urishib, jahl qilganman. Lekin juda kech edi.

 – Yulduzli onlaringizni qanday xotirlaysiz?

 – SSSR terma jamoasiga 1968 yildan borganman. 1971 yili SSSR birinchiligida g‘alaba qozonganman. 3ta uchrashuvga 36 daqiqa ajratilgandi. Men esa 7 daqiqadayoq yutganman.

Har xil murabbiylar bilan ishlash yaxshi emas. Faqat bir murabbiyni ushlab olish kerak. Granatkin bilan yurib, qator natijalarga erishganman va yulduzli onlarim ham o‘sha kezlarga to‘g‘ri kelgan.

– Bir paytlar umringizni sportga bag‘ishlagangingizdan afsuslangan ekansiz. Hozir ham pushaymonmisiz?

– Yo‘g‘ye, meni shunchalik tanishadi, O‘zbekiston obro‘sini ko‘targanman. Jahon chempionati o‘tkazilganida SSSRdan ikki nafar chempion chiqqan. Bittasi men edim. O‘zbekiston sharafini oshirganman, hammasi biladi va hurmat qilishadi. Bu – juda katta narsa.

 – Ruslan Chagayevga murabbiylik qilganingiz rostmi?

– Ha. Bir kuni uning sobiq menejyeri Taymas yonimga keldi. «Ruslanning zarbasi kuchli emas. U bilan mashg‘ulot o‘tkaza olasizmi?» dedi. Chagayevda professionallikni ko‘rolganim uchun rozi bo‘ldim.

«Dinamo»dagi sport zalida mashg‘ulotlar o‘tishni boshladik. Ikki hafta birga ishladim. O‘n kun men aytganlarimni chiqardi, to‘rt kun esa yana tozalab, zarbalarini kuchaytirdik, texnikasini mustahkamladik.

Unga o‘shanda: «Menga hozir pul kerakmas. Birinchi yiqitganingni bag‘ishlab, jahon chempioni bo‘lganingni sovg‘a qilasan», dedim. Bir oydan keyin Amerikada ringga chiqdi. Jangni Toshkentda jonli efir orqali ko‘rsatishdi. Raqibini beshinchi raundda mag‘lub etdi. Men o‘rgatgan usullar qo‘llaganini ko‘rib, juda quvondim. AQShda bergan intervyusida «Rufat akamga rahmat», degan ekan. Shunisiga ham shukr. Ammo uning xatolari ko‘p edi.

Taymasga «Beradigan puli kerak emas. Biroq xatolari ko‘p, ularni ustida ishlash lozim. Oldimga kelsin, o‘rgataman», deganman. Lekin u uyalib, xijolat bo‘lganmi, qaytib yonimga kelmadi.

 – Demak o‘shandan buyon Chagayev bilan ko‘rishmadingiz?

– Yo‘q, ko‘rishmadim. Puldan qochgan (kuladi). Mayli, men unga ochiq ko‘ngildan yordamlashganman, pulini nima keragi bor? O‘zbekiston sharafini oshiryapti-ku!

 – Bolaligingiz haqida ham gapirib o‘tsangiz.

– Dadam 1954 yili olamdan o‘tgan. Oilada akam, opam, men va onam yashardik. Bizlarni qornimiz och bo‘lgan. Otam 35 yoshida vafot etgan bo‘lsa, volidam ertalab bozorga ketib, kechqurun qo‘lida ikkita sumka bilan kelardi. Ko‘cha boshiga chopqillab borib, qo‘lidagi narsalarini uyimizga ko‘tarib qaytardik.

Onamga «Oqavat pishdimi?» derdim ovqat so‘zini to‘g‘ri aytolmay. Keyin «oqavat»ni osh deyishni o‘rgandim. Ertalab bozorga ketayotib, uyda non qoldirardi. Kelguncha ko‘chada o‘ynab, o‘sha nonlarni yeb, kun o‘tkazardik. Bu holat uzoq davom etgan.

 – Odatda san'atkorlar va sportchilar shon-shuhratga o‘ch bo‘lishadi. Bu holat sizda qanday kechgan?

– Xayolim faqat sportda bo‘lgan. Yutishni o‘ylardim ko‘proq. Boksda mahalliychilik qilib bo‘lmaydi. Ozgina manmanlikka berilsang, o‘z ustingda ham kam ishlaysan. Oxiri jangda yutkazib, kaltak yeysan.

Bu mening ham boshimdan o‘tgan. Keyin o‘zimga nisbatan talabim ortib, mashg‘ulotlarga ko‘p vaqt ajratganman. Futbol va boshqa sport turlarida bu bilinmasligi mumkin. Lekin boksda kaltak yeganingdan so‘ng albatta, seziladi.

 – Rufat Risqiyevning hozirgi daromadi qanday?

– Pensiyam 850 ming so‘m. Yana qo‘shamiz deyishgan. Ammo qachondan berishlarini bilmayman.

 – Havaskor bokschilar sizdan maslahat so‘rab turishadimi?

– Yo‘q, ular boks alfavitini bilishadi. Men esa oliy ta'limni berishim mumkin: texnika, taktika... Ularda boksga oid yuqori bilim bo‘lsa, sira qiynalishmaydi. O‘zim Yevropa chempionatida sira qatnashmagan bo‘lsam-da, ammo to‘rt nafar Yevropa chempionini mag‘lub etganman.

Bir kuni xorijlik murabbiylardan biriga shularni gapirib berdim. Ammo u ishonmay, miyig‘ida kulib qo‘ydi. Anatoliy Klimanov, Vyacheslav Lemeshev, Vladimir Tarasenkov, Maykl Spinks... Bu nomdor sportchilar nomini aytganimdan so‘ng, qilgan muomalasidan xijolat bo‘ldi.

 – Kuningiz qanaqa o‘tadi?

 – Ahvolimni ko‘rib turibsiz, uyda o‘tiribman. O‘rtoqlarim kelsa, o‘g‘lim yoki qizim dasturxon tuzab, yordamlashadi, gaplashib vaqtimni o‘tkazaman. Ba'zan do‘stlarim ko‘magida tadbirlarga qatnashaman. Lekin biror joylarga bordi-keldilar juda ko‘p emas.

 – Bugungi yosh nomdor bokschilar yo‘qlab turishadimi?

– Rahmat, gullar bilan kelib, hurmat qilishadi. Bundan quvonaman.

 – Oxirgi paytlarda aynan kimlar keldi?

– Ko‘p bokschilar, terma jamoa keldi. Men ularning hammasini ismini bilmayman.

 – Nega farzandlaringiz izingizdan borishmadi?

– Boshida boksga borishgan. Bir-ikki oydan so‘ng to‘xtatishgan. Tabiat bolada dam oladi, degan gap bor ruslarda. Men boks kuchini olib qo‘yganman o‘g‘illarimdan. Nevaralarimda ham katta xohishni ko‘rmayapman.

Mirolim ISAJONOV suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top