22:17 / 08.11.2019
0
7245

Dunyodagi milliarderlarning umumiy boyligi bir yil ichida 388 mlrd dollarga kamaydi

Foto: Anton Novoderejkin / TASS

2018 yilda dunyoda dollardagi milliarderlar soni 2101 nafarni, ya'ni 2017 yilgiga nisbatan 57 nafar kamroqni tashkil qildi. Ularning umumiy boyligi ham 388 mlrd dollarga kamayib, 8,5 trln dollarni tashkil qilgan. Bunday ma'lumotlar PwC xalqaro konsalting kompaniyasi va Shveytsariyaning UBS banki ekspertlari tomonidan tayyorlangan an'anaviy hisobotda keltirilgan.

Tahlilchilar bunday salbiy natijaga “kuchli dollar” va “bozorlar beqarorligi” sabab bo‘lganini aytishgan. Barcha milliarderlarning 233 nafarini ayollar tashkil qilib, ularning soni 5 yil ichida 46 foizga ko‘paygan. 

Osiyoda milliarderlar soni 5 yillik o‘sishdan keyin birinchi marta kamaygan bo‘lsa, AQShda esa aksincha ko‘paygan. Osiyo-Tinch okeanida milliarderlar soni 2017 yilga nisbatan 7,4 foizga kamaygan, ammo umumiy hisobda ushbu mintaqada ular eng ko‘pni tashkil qilgan – 754 kishi. Bu borada 2-o‘rinda Shimoliy va Janubiy Amerika bo‘lib, ushbu mintaqada milliarderlar 749 nafarni (o‘sish 4,8 foiz) tashkil qilgan. Yevropalik milliarderlar soni esa 4,9 foizga kamayib, 598 nafarni tashkil qilgan. 

Davlatlar bo‘yicha olinadigan bo‘lsa, AQShda bir yil ichida milliarderlar soni 22 nafarga, ularning umumiy boyligi esa 14,3 mlrd dollarga ko‘payib, 3,111 trln dollarga yetgan. 

Xitoyda esa, aksincha, 2018 yilda 48 kishi milliarderlar qatorini tark etib, ularning umumiy soni 325 nafarni, umumiy boyligi esa 982,4 mlrd dollarni tashkil qilgan. 

Germaniyada 114 milliarder bor bo‘lib, ularning boyligi 500,9 mlrd dollarni tashkil qilgan.    

Rossiyada esa milliarderlar soni bir yilda 3 nafarga kamayib, 98 nafarni, ularning umumiy boyligi esa 421 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top