18:52 / 10.11.2019
0
41949

Faqatgina Ilon Mask emas: kelajakni yaqinlashtirayotgan to‘rt milliarder

Insoniyatning shiddat bilan rivojlana borishida axborot texnologiyalarining hissasi ulkan. Layfxaker fikrlash tarzi boshqalardan o‘zgacha bo‘lgani uchun ham shu sohada yuksak natijalarga erishgan va kelajakni yaqinlashtirgan to‘rt insonni sanab o‘tdi.

Bill Geyts

Bill Geyts rafiqasi Melinda bilan
Foto: Frederic Stevens / Getty Images

Bill Geyts — Microsoft asoschilaridan biri, ilk Windows’ni ishlab chiqqan insonlardan. 64 yoshli milliarder dunyoni yanada yaxshiroq va texnologik ko‘rinishga keltirish harakatida davom etmoqda, biroq u endilikda faoliyatini Microsoft rahbari emas, erkin investor va filantrop sifatida olib bormoqda. U turli sohalardagi texnologik ishlanmalarni faol tarzda moliyalashtirib, ular haqida ommaga ma'lum qilish orqali qo‘shimcha mablag‘ jalb etyapti.
Misol uchun, Bill Geyts uran-235ni oddiy uran-238ga almashtirish istagidagi energetika kompaniyalariga sarmoya kirityapti. Shuningdek, u OIVga qarshi kurashish uchun irsiyat terapiyasini ishlab chiqarishni moliyalashtirmoqda va sun'iy go‘sht ishlab chiqarish bo‘yicha startaplarga pul tikyapti.

Ana shu tashabbuslarning ayrimlari allaqachon samara berib ulgurdi. Masalan, Impossible Foods tayyorlagan go‘shtli burgerlar Amerika restoranlarida ommalashib bormoqda.

Pavel Durov

Foto: Manuel Blondeau / Getty Images

Durov birinchi galda Rossiyadagi eng mashhur ijtimoiy tarmoq – «VKontakte» asoschisi sifatida mashhur. U «Odnoklassniki»dan biroz keyinroq paydo bo‘ldi, biroq o‘sha zahotiyoq muloqot uchun asosiy servis o‘rnini egalladi.

Durov kompaniyani 2014 yilda tark etdi. Ko‘p o‘tmay, Telegram messenjeri bilan xalqaro miqyosdagi muvaffaqiyatga erishdi. Yirik raqobatchilarga qaramay, Pavel servis xavfsiz va undagi yozishmalar maxfiy bo‘lishi kerak, degan asosiy g‘oyani ishlab chiqdi va unga sodiq qoldi.

Yozishmalarning himoyalangani, tezkorlik, bulutli servis hamda minglab stiker, bot va kanallar Telegram’ga mashhurlik olib keldi. Hozir messenjer foydalanuvchilari soni 200 milliondan ortiqni tashkil etadi.

Telegram takomillashtirilib, yangi funksiyalar bilan boyib bormoqda. 2020 yil bahorida messenjerning o‘z kriptovalutasi – Gram ishga tushishi mumkin. 2018 yili sarmoyadorlar unga 1,7 milliard dollar sarmoya kiritishgan edi. Aksionerlar qatorida Roman Abramovich ham bor.

Rejaga binoan, Gram – Bitcoin yoki Ethereum’ga o‘xshab qolmaydi, balki Visa va MasterCard kabilarning muqobiliga aylanadi. Ya'ni ilk ommaviy kriptovaluta bo‘lishi kutilmoqda. Gram shunday shaklda yaratiladiki, undan Telegram`ning istalgan foydalanuvchisi foydalana oladigan bo‘ladi.

Jyeff Bezos

Foto: Grant Miller / GWBPC 

Amazon asoschisi nafaqat dunyoning badavlat kishisi, balki progressiv texnologiyalarga sarmoya kirituvchi vizioner sifatida ham mashhur.

Bezos Amazon’ga 1994 yilda asos solgan. U vaqtda Bezosning g‘oyasi kichik internet-do‘kondan iborat edi. Bugunga kelib loyiha – deyarli istalgan narsani topish mumkin bo‘lgan yirik savdo maydoniga aylangan.

Savdolardan tashqari Amazon ishlab chiqarish bilan ham shug‘ullanadi. Kindle elektron kitoblari va o‘z ovozli yordamchisi Alexa’ga ega aqlli Echo kolonkalari shular jumlasidandir.

Buyurtmalarning ulkan oqimi Amazon’ni ichki logistikani takomillashtirish va omborxona hamda yetkazib berishni optimizatsiya qilish bilan shug‘ullanishga undadi. Buning uchun kompaniya mashina yordamida o‘rganishga asoslangan sun'iy idrokdan foydalana boshladi. Bezosning tadbirkorlik qobiliyatlari bu safar ham qo‘l keldi: Amazon savdo maydoni ichida tashqi mijozlarga turli texnologiyalarni taklif etishni boshladi. Shu tariqa, Amazon Web Services paydo bo‘ldi.

Hozirda kompaniya ishlanmalaridan Toyota ham foydalanadi. Sun'iy idrok avtokonsernga haydovchisiz avtomobillarni yaratishda yordam beradi.

2000 yilda Jyeff Bezos Blue Origin xususiy aerokosmik kompaniyasiga asos soldi. Uning maqsadlari juda ulkan – insonlarni Oyga qaytarish. Blue Origin 2020 yilda Oyni o‘zlashtirishga tayyorlanmoqda.

Shuningdek, Amazon haydovchisiz yetkazib beruvchilar borasida ham yetakchi sanaladi. Aviaxizmat ruxsat bersa bo‘lgani, osmon Bezos kompaniyasi logotipi tushirilgan yuzlab dronlarga to‘ladi.

Mark Tsukerberg

Chesnot / Getty Images

Mark Tsukerberg — Facebook ijtimoiy tarmog‘ining asoschilaridan biri. Undan hozirda 2 milliarddan ortiq kishi foydalanmoqda.

2019 yilda Facebook platformasi asosida yangi Libra kriptovalutasi sinovdan o‘tkazila boshlandi. Tahlilchilarga ko‘ra, bu kriptovaluta vositasida o‘tkazilgan operatsiyalar uchun Facebook komissiya olmaydi, kurs esa bir necha valutalar birliklari qiymatiga asoslanadi, bu esa nisbiy barqarorlikni ta'minlaydi.

Biroq Tsukerberg muvaffaqiyatli tadbirkorlik bilan cheklanmagan. U mablag‘ining yarmidan ko‘pini hadya etish bo‘yicha milliarderlar dasturiga qo‘shilgan. 2015 yilda rafiqasi Prissilla bilan «Chan Tsukerberg tashabbusi» fondiga asos soldi. Juftlik jamg‘armaga Facebook aksiyalarining 99 foizini o‘tkazishga qaror qilgan. Fondning pullari ko‘plab kasalliklarni davolash va profilaktikasi, shuningdek, hujayralarni biologik tadqiqotlar uchun vizualizatsiya qilishga yo‘naltirildi.

Tsukerberg davlat maktablari va ta'lim sohasidagi startaplar, jumladan informatika darajasini yangi bosqichga olib chiquvchi Code.org tashkilotiga mablag‘ ajratadi. Shuningdek, u Vicarious – neokorteks (bosh miyaning qatlamlari sohasi) funksiyalarini o‘rganish va uni kompyuter kodiga aylantirish bilan shug‘ullanadigan startapni ham moliyalashtirgan. Agar  tadqiqotlar muvaffaqiyatli yakunlansa, sun'iy idrok inson idrokiga yetib olishi mumkin.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top