18:08 / 11.11.2019
5
109236

Abdulla Aripov va Jahongir Ortiqxo‘jayevning imzolarini qalbakilashtirgan jinoiy guruh a'zolariga hukm o‘qildi

Huquq-tartibot organlari xodimlari O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning imzolarini qalbakilashtirgan shaxslarni qo‘lga olishdi va ularga sud hukmi o‘qildi. Firibgarlik yo‘li bilan katta mablag‘ «ishlab olgan» bu shaxslar Chilonzor tumani hokimligi xodimlari bo‘lgan.

Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov Kun.uz’ga xabar qilishicha, 2019 yil 23 oktabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudida ushbu ish doirasida sudlanuvchilar Timurxo‘ja Javdatxo‘jayev, Kamoliddin Ahmedov (Chilonzor tumani hokimligi qurilish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan), Abdushukur Abdukarimov, Said To‘xtayev (Toshkent shahar Chilonzor tumani qurilish bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan), Mirsattor Radjapovga (yurist) nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Ma'lum bo‘lishicha, T.Javdatxo‘jayev 2017 yil fevral oyida M.Radjapovga Chilonzor tumani hokimligi qurilish bo‘lim boshlig‘i K.Ahmedovni Vazirlar Mahkamasi xodimi sifatida tanishtirgan. M.Radjapov va fuqaroviy da'vogar B.Fatilloyev pora berishga dalolat qilingan.

Javdatxo‘jayev va Ahmedov hokimlikda yuqori lavozimda tanishlari borligini aytib, Chilonzor va Yashnobod tumanlaridan 1 mln 190 ming AQSh dollari evaziga egalik huquqi asosida yer ajratish haqidagi Toshkent shahar hokimining qarorini chiqartirib berishni va'da qilishgan. Shuningdek, ishonchga kirish uchun soxta hujjatlar tayyorlashgan. K.Ahmedov O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripovning nomi bilan rasmiylashtirilgan soxta bayonnoma, shuningdek, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va hokimlikning boshqa mas'ullari nomidan tuzilgan soxta qarorni M.Radjapovga taqdim etgan.

Sudlanuvchi T.Javdatxo‘jayev 2017 yil fevral oyidan 2018 yil sentabr oyiga qadar Toshkent shahrining turli joylarida M.Radjapovdan jami 527 ming AQSh dollari olib, shundan 67 ming dollarini K.Ahmedovga bergan. Ular jinoiy harakatlarini o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxiriga yetkaza olishmagan va yana 663 ming AQSh dollarini qo‘lga kirita olishmagan.

Xuddi shunga o‘xshash ishni fuqaroviy da'vogar M.Akoyevaga nisbatan ham takrorlashgan. Unga Uchtepa tumanidan yer olib berishni va'da qilib 40 000 AQSh dollari olishgan.

So‘ngra T.Javdatxo‘jayev A.Abdukarimov va Toshkent shahar Mirobod tumani Bosh arxitektori yordamchisi lavozimida ishlagan C.Agzamxodjayev bilan ham o‘zaro til biriktirib, jabrlanuvchi A.Nabiyevga 15 000 AQSh dollari evaziga Mirobod tumani hududidan yer olib berishni va'da qilishgan. Nabiyevdan 2017 yil noyabr-dekabr oylarida jami 11 700 AQSh dollar olishgan.

Bundan tashqari, T.Javdatxo‘jayev, K.Axmedov va A.Abdukarimov Toshkent shahar arxitektura va qurilish boshqarmasida arxitektor lavozimida ishlagan sudlanuvchi S.To‘xtayev bilan bir guruh bo‘lib, jabrlanuvchi A.Nabiyevga Olmazor tumanidan yerga egalik qarorini chiqartirib berishni va'da qilib, 185 000 AQSh dollari so‘rashgan. 2018 yil fevral oyida firibgarlik yo‘li bilan A.Nabiyevdan jami 40 000 AQSh dollari olishgan.

T.Javdatxo‘jayev jabrlanuvchi S.Basharxodjayevga birgalikda Toshkent shahrida restoran-klub tashkil qilishni va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, daromad olishni taklif qilgan. S.Basharxodjayevdan jami 88 000 AQSh dollar (78 422 640 so‘m) va 20 000 000 so‘m pulni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, T.Javdatxo‘jayevni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi, 25,168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandida, K.Axmedovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandi va 228-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandlarida, A.Abdukarimovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi «a» bandida, S.Tuxtayevni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi «a» bandida, M.Radjapovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topdi.

E'lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, bu shaxslarga quyidagicha hukmlar o‘qildi:

T.Javdatxo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida uzil-kesil o‘tash uchun 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi va tayinlangan jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘talishi belgilandi.

K.Axmedovga ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida uzil-kesil o‘tash uchun 1 yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilib, ya'ni davlat organlari, tashkilotlari va muassasalarida mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi va 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

A.Abdukarimovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanib, eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

S.Tuxtayevga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 45-moddasi qo‘llanib, 1 yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilib, ya'ni davlat organlari, tashkilotlari va muassasalarida mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi va 57-moddasini qo‘llandi va eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

M.Radjapovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanib, eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Shuningdek, sud tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.

Ayni paytda, jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi tomonidan chiqarilgan hukm qonuniy kuchga kirmagan. Hozirgi kunda T.Javdatxo‘jayev, K.Axmedov, A.Abdukarimov va M.Radjapov tomonidan sudning hukmi ustidan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqish uchun keltirilgan shikoyatlari tegishli tartibda rasmiylashtirildi. Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasida 2019 yil 5 dekabr kuni ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top