19:30 / 16.11.2019
0
11709

Qo‘shrabot dehqon bozori oldida kamida uch gektar avtoturargoh kerak - YHXB munosabati

Kun.uz bugun, 16 noyabr kuni «Bozor oldidagi yo‘llarda kuzatilayotgan tirbandlik — muammo birgina Qo‘shrabotda emas» sarlavhasi ostidagi videoreportaj e'lon qilgan, unda Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumani markaziy dehqon bozori oldidagi yo‘lda paydo bo‘layotgan tirbandlik haqida ma'lumot berilgan edi.

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mazkur reportajga shu kunning o‘zida munosabat bildirdi.

«Qo‘shrabot dehqon bozori tuman markazida joylashgan bo‘lib, umumiy maydoni 2,7 gektarni tashkil etadi. Haftaning juma kunlari soat 07:00dan 14:00gacha ishlaydi. Bozorning sharq tomonidan davlat ahamiyatiga ega 4R-55 «Mitan-Qo‘shrabot-Nurota», janub tomonidan davlat ahamiyatiga ega 4R-43 «Marjonbuloq-Zarmitan-Qo‘shrabot» avtomobil yo‘li o‘tgan bo‘lib, bozor kunlari ushbu ikkala yo‘lning bozor oldidan o‘tgan qismlarida quyidagi sabablarga ko‘ra tarbandlik holatlari yuzaga kelayotgani kuzatilmoqda:

  • bozorga biror narsa sotish uchun keladigan fuqarolar soni 1200–1300 kishini tashkil etadi;
  • bozordan biror narsa sotib olish uchun keladigan fuqarolar soni 4000–4500 kishini tashkil etadi;
  • bozorda aholi eng ko‘p to‘plangan vaqtda (08:00dan 12:00gacha) bozor atrofida 1400–1500tagacha har xil rusumdagi transport vositalari yig‘iladi.

Amaldagi me'yoriy hujjatlar talablari asosida bitta yengil avtomobilga 25 kv.m hisobidan bozor atrofida kamida 30 ming kv.m yoki 3 gektar maydonga ega avtomobillar to‘xtash joyi bo‘lishi lozim.

Viloyat IIB YHXB tomonidan bozor kunlari bozor atrofiga YPX inspektorlari xizmatga qo‘yib kelinmoqda, biroq bugungi kunda bozor atrofida avtomobillar to‘xtash joyi yo‘qligi, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi transport vositalari uchun oxirgi bekatlar mavjud emasligi sababli bozorga kelgan fuqarolar transport vositalarini 4R-43 va 4R-55 avtomobil yo‘llarining ikki chetida ikki-uch qatorlab qoldirib ketishga majbur bo‘lishmoqda.

Bu esa o‘z navbatida yo‘lning qatnov qismi torayishiga va sun'iy ravishda tirbandlik holatlari yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Bunday holatlarning oldini olish maqsadida tuman hokimligi va viloyat bozorlar uyushmasi tomonidan tegishli chora-tadbirlar belgilanadi, degan umiddamiz», – deyiladi Samarqand viloyat IIB YHXB munosabatida.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top