10:16 / 20.11.2019
58
57171

YeOIIga kirish uchun migrantlar bahonami?

© RIA Novosti, Maksim Blinov

O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishi bo‘yicha bahs-munozaralar davom etmoqda. Iqtisodchi Jamshid Muslimov ushbu mavzu bo‘yicha navbatdagi maqolasini taqdim etdi.

Javobtalab savol

O‘zbekistonlik mehnat migrantlarining sharoitlarini yaxshilash uchun ham YeOIIga kirishimiz kerak degan da'voga nisbatan men muhtaram siyosatchilarimiz va jamiyatimiz oldida ushbu masalani qo‘ymoqchiman:

Ittifoqqa kirish uzoq yillik, ehtimol asrlik qarordir. Migratsiya masalasi YeOIIga kirish uchun asosiy turtki bo‘lishi vatanimiz mehnatkashlari o‘zga yurtlarda hali uzoq yillar qoladi deganimi? Hozirgi vaziyat vaqtinchalik emasmidi? O‘zbekistonda sanoat ishlab chiqarishining miqyosi yanada kengayishiga qaratilgan harakatlar to‘xtatildimi? Davlatning strategik ko‘zloviga (vision) bunday yondashuv qanchalik mos?

Bu savollarga asosli javobni YeOII tarafdorlaridan kutib qolamiz va o‘z fikrimizni davom ettiramiz.

Rossiyadan mahsulotlar importi mehnat eksportini kuchaytiradi

Keling, YeOIIga a'zo bo‘lgach ish kuchi migratsiyasi vaziyati istiqbolini modellab ko‘raylik. O‘ylaymanki, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining yangi oqimi Rossiya va ozroq sonda Qozog‘istonga yo‘l oladi. Bunga sabab YeOIIning kattaroq davlatlarida sharoit yaxshilanganidan emas, balki vatanda ish joylari keskin darajada qisqarishi bo‘ladi. Avvalgi maqolamizda aytilganidek, Rossiya ichki bozorga o‘z mahsulotlari bilan kirib kelib, antimonopol xizmatimizning sustkashligi tufayli demping orqali mehalliy ishlab chiqaruvchilarni sindiradi. Natijada ish joylari keskin ravishda qisqaradi va sanoat rivojlanishi ildiziga bolta uriladi. Shu o‘rinda, O‘zbekiston tovarlari ustidan Rossiya bozorlarida cheklov tahdidi hech qayerga ketmaydi, buni faktlar bilan avvalgi maqolada aytib o‘tganmiz.

YeOII davlatlarini (ayniqsa Rossiya) O‘zbekistondan o‘zlari yetishtira olmaydigan tovarlar qiziqtiradi. Bu – paxta, meva-sabzavot va poliz ekinlaridir. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga yo‘llar ochilishi yaxshi narsa. Lekin agroxo‘jalikning ayanchli kamchiligi mavjud: u O‘zbekiston shariotida yangi ish o‘rinlari yetarli darajada o‘sishini ta'minlamaydi. Qishloq xo‘jaligida bandlikning oshishiga qisqa muddatli mavsumlik xosdir.

Demak, ish o‘rni topa olmagan o‘zbeklarning yangi katta oqimi Rossiya tomon yo‘l oladi. Iqtisodiy nazariyaning mumtoz qonuni – bozorda taklif oshganda uning narxi tushib ketishidir. Ya'ni vatandosh ishchi kuchlar orasida raqobat keskinlashib ketib, ularning daromadi keskin kamayadi. Bu esa muhojir va uyda qolgan yaqinlarining turmush tarzi yomonlashuviga olib keladi.

Rossiya o‘zbek muhojirlariga muhtojmi?

«Rossiyaning aholisi qarimoqda va ozaymoqda», deydi Moskva davlat universitetining iqtisod va demografiya bo‘yicha mutaxassisi Olga Chudinskaya. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2035 yilga borib Rossiya aholisining soni 6,5 millionga kamayishini qoplab beruvchi migrantlar oqimiga ehtiyoj bor. Undan tashqari, turli xil kasb egalari yetishmovchiligini muhojirlar hisobiga ta'minlash haqida Rossiyada anchadan beri mutaxassislar tarafidan aytiladi, jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiy xodimlar taqchilligini migrantlar yordamida hal qilishni taklif etgan.

Bir qarashda tashqaridan mehnat kuchlari importiga obektiv ehtiyoj bordek. Lekin uch taraf, hukumat, demograflar va aholi o‘rtasida na so‘zda, na amalda yakdillik kuzatiladi. Demograflar migrantlarni ko‘proq chaqirish va bu maqsadda institutsional islohotlar o‘tkazishni talab qilsalar, aholining kattagina qismi va populist siyosatchilar bunday qarashni keskin qarshilaydilar va migrantofoblik ruhida o‘z e'tirozlarini bildiradilar. Davlat esa ikki o‘rtada turgandek o‘zining jo‘yali pozitsiyasini shakllantira olmagan. Barcha sohalarda tizimli islohotlar ancha yillardan beri sekinlashib, migrantlarga munosabat borasida ijobiy burilishlar kutilmaydi.

Bunday vaziyatda vatandoshlarimizning Rossiyaga yangi oqimini qanday iqtisodiy, ijtimoiy muhit kutayotganini aniqlab olishimiz lozim.

Real muhit

Rossiyaning ijtimoiy-iqtisodiy holati 2009 yilgi moliyaviy va 2014 yilgi iqtisodiy inqirozlar natijasida va turli boshqa omillar sababli joriy davrgacha yaxshilanayotgani kuzatilmaydi. Aholining xarid quvvati inobatga olingan real daromadi 2018 yilga kelib 2013 yilga nisbatan 11 foizga ozaydi. 2019 yilning sentyabriga kelib o‘tgan yilga nisbatan bu ko‘rsatkich faqat 0,2 foizgagina yaxshilangandek bo‘ldi. Rossiya iqtisodining joriy yildagi o‘sishi 1 foizlik bo‘lib, 2020 yil uchun eng ko‘pida 1,6 foizga yetishi kutilyapti. Iqtisodiy vaziyat sustlashuviga asosiy sabablar sifatida investitsion faollikning ozayishi, ulgurji savdo hajmi qisqarishi, sanoat ishlab chiqarish sur'atlari va energetika sohasidagi qiyinchiliklar ko‘rsatilyapti hamda tashqi sanksiyalarning ta'siri ham sezilyapti.

Ijtimoiy sohalarini modernizatsiya qilish to‘xtatilgan hamda katta va o‘rta biznes uchun havodek zarur bo‘lgan mulk daxlsizligi va sudlar mustaqilligiga bo‘lgan ishonch singan vaziyatda ishlab chiqarish o‘sishi bo‘lmaydi, demakki, yangi yaxshi to‘lanadigan, sifatli ish o‘rinlari paydo bo‘lmaydi.

Shundoq ham holati tanglashayotgan mahalliy aholi asosan MDH davlatlaridan yog‘ilib kelayotgan migrantlarni mehnat bozorini arzonlashtirishda sababchi sifatida ko‘rishi tabiiy. Rasmiy so‘rovnomalar xabariga ko‘ra, o‘zga millat vakillarining yashashini cheklashni istovchilar 71 foizga yetgan. Ular orasida Rossiyada Markaziy Osiyodan kelganlar yashashini istamaydiganlar 32 foizni tashkil qiladi. «Rossiya ruslar uchun» shiori hamon mashhurligicha qolib, muhojirlar norasmiy millatchi guruhlar tarafidan xujumlariga duchor bo‘lishi davom etmoqda. Bu yetmagandek, «osiyolik qiyofali» vatandoshlarimiz muntazam ravishda politsiya tarafidan noqonuniy ta'qiblarga uchramoqda. Mazkur vaziyatni o‘nglash uchun yetarli choralar ko‘rilayotgani yo‘q.

Mening fikrimcha, YeOIIga O‘zbekiston a'zo bo‘lgan taqdirda bu muammolar bartaraf bo‘lmaydi, aksincha yanada chuqurlashib, kengayib boradi.

So‘nggi so‘z o‘rnida davom va'dasi

Avvalgi maqola uchun qoldirilgan izohlarni kuzatib, men o‘zgacha fikr qarashlarni o‘rganishga harakat qildim. Ular orasida ko‘p ko‘zga tashlangani - YeOIIga kirishdan qaytarish go‘yoki milliy bozorimizni tashqi raqobatdan to‘sish va proteksionizm tarafdorligida ayblash bo‘ldi. Ya'ni, YeOIIga kirmaslik mahalliy iste'molchilarni sifatli va arzon mahsulotlardan to‘sishga tenglashtirib qo‘yilgan. Bu juda qiziq e'tiroz va u alohida mulohazaga loyiq, shu sababli men keyingi maqolamni aynan shu mavzuga bag‘ishlamoqchiman.

Jamshid Muslimov

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top