21:59 / 21.11.2019
1
13114

Voronejda qurilayotgan obekt yaqinida g‘isht bosishi oqibatida ikki o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Konsullik bo‘limi 19 noyabr kuni Voronej shahrida qurilayotgan obekt yaqinida 13-qavatdan tushgan g‘ishtlar bosishi natijasida O‘zbekiston fuqarolari M.R. va S.K. halok bo‘lgani to‘g‘risidagi OAV xabarini tasdiqladi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Hozirda tergov organlari tomonidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 109-moddasi 3-qismi (ehtiyotsizlik tufayli o‘limga olib kelish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov olib borilmoqda.

Elchixona O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonasi bilan birgalikda hamyurtlar jasadlarini vatanga jo‘natish uchun konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal etishda yordam bermoqda.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a'zolari va yaqinlariga ta'ziya bildiradi hamda eslatib o‘tadiki, Rossiyaning Markaziy federal okrugi (Belgorod viloyati, Bryansk viloyati, Vladimir viloyati, Voronej viloyati, Ivanovo viloyati, Kaluga viloyati, Kostroma viloyati, Kursk viloyati, Lipetsk viloyati, Moskva shahri, Moskva viloyati, Orlov viloyati, Ryazan viloyati, Smolensk viloyati, Tambov viloyati, Tver viloyati, Tula viloyati, Yaroslav viloyati) va Armaniston hududidagi fuqarolarimiz zarur vaziyatlarda Moskva shahridagi elchixonaga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: : +7 499 230-00-76, +7 499 238-36-20.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top