18:20 / 22.11.2019
2
13407

2020 yilgi davlat budjetida deputatlarning qaysi takliflari inobatga olindi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 21 noyabrdagi yalpi majlisida hukumat tomonidan taqdim etilgan «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasi qabul qilindi. Endi u Senat tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Mamlakat tarixida ilk marta parlament tomonidan qabul qilingan Davlat budjeti loyihasiga deputatlar tomonidan qanday o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi? Quyida ularning eng asosiylariga to‘xtalib o‘tamiz.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zLiDeP fraksiyasi a'zosi, deputat Abdurashid Abduqodirovning taklifi bilan quyidagilar qonun loyihasida o‘z aksini topdi:

– vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalarini ham «Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun bilan tasdiqlash va qonun ijrosi yuzasidan parlament nazoratini o‘rnatish, qonun ijrosini ta'minlashga qaratilgan Prezident qarori loyihasini ishlab chiqib, qabul qilish;

– oliy ta'lim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida budjetdan qo‘shimcha ravishda 500ta doktorantura va shogird-tadqiqotchilikka qabul kvotalari ajratish;

– davlat oliy ta'lim muassasalari moliyaviy ahvolini yaxshilash maqsadida yagona ijtimoiy to‘lov stavkasini 25 foizdan 12 foizga tushirish va qonun ijrosini ta'minlashga qaratilgan Prezident qarorini qabul qilish;

– umumta'lim maktablarini jihozlash uchun qo‘shimcha 50 mlrd so‘m ajratish;

– 2020 yilda prognoz ko‘rsatkichlaridan ortiqcha mablag‘larni birinchi navbatda ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilashga yo‘naltirish.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zLiDeP fraksiyasi a'zosi, deputat Komiljon Ernazarovning quyidagi takliflari inobatga olindi:

– yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i tushumlarining 50 foizini mahalliy budjetlarga o‘tkazish va bunda budjet daromadlari bazasi katta bo‘lgani sababli foyda solig‘ining 5 foizini Toshkent shahrida, 10 foizi Toshkent viloyatida qoldirish;

– Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsmanga berilishi ko‘zda tutilgan mablag‘larni Qonunchilik palatasidan ajratgan holda alohida tasdiqlash.

Xalq demokratik partiyasining fraksiyasi a'zosi, deputat Feruza Eshmatova taklifi bilan aholini ijtimoiy muhofaza qilish maqsadida mahalliy budjet daromadlarining prognozi 5 foizdan ortiq bajarilmagan taqdirda xarajatlarni qoplash uchun Vazirlar Mahkamasiga budjetlararo transfertlar miqdorini oshirish masalasida, tumanlar esa viloyatga shu tartibda murojaat kiritib hal etish mumkinligi belgilandi.

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasining fraksiyasi a'zosi, deputat Maqsud Qurbonboyevning tashabbusi bilan davlat maqsadli jamg‘armalari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi xarajatlarini 3 foizgacha Vazirlar Mahkamasi tomonidan, 3 foizdan ortig‘ini parlament ruxsati bilan oshirish tartibi kiritildi.

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasining fraksiyasi a'zosi, deputat Ulug‘bek Samatov mahalliy budjetlarning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini Moliya vazirligi orqali tijorat banklarining depozitlariga joylashtirish orqali qo‘shimcha daromad olishga imkoniyat yaratishni taklif qildi va u inobatga olindi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zLiDeP fraksiyasi a'zosi, deputat Rasul Kusherboyev shu kunga qadar respublikada jami umumta'lim maktablarining 31 foizi optik tolali aloqasi bilan ta'minlangan bo‘lib, 2020 yilda buni 100 foizga yetkazish talabi bilan chiqdi. Xalq ta'limi, Moliya va AKT vazirliklari deputatning so‘roviga munosabat bildirib, kelgusi yil oxirigacha bu ish oxiriga yetkazilishiga va'da berishdi.

Ushbu o‘zgartirish va qo‘shimchalar asosida Davlat budjeti loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi. Qonun loyihasi bilan bir qator normativ-huquqiy hujatlarga o‘zgartirish kiritilishi kutilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top