21:00 / 22.11.2019
0
14747

Terrorchilik tahdidi nuqtai nazaridan eng xavfli va eng xavfsiz davlatlar ma'lum qilindi. O‘zbekiston eng xavfsiz davlatlar orasida 

Foto: EPA

“Global terrorchilik indeksi” (The Global Terrorism Index - GTI) xalqaro mutaxassislar guruhining noyabrda yangilangan tadqiqotida terrorchilik hujumlariga uchrash nuqtai nazaridan O‘zbekiston 138 davlat ichida 135-o‘rinni egallab, eng xavfsiz davlatlardan biri deb topildi. Ta'kidlash joiz, mamlakatimizning ushbu reytingda pozitsiyasi avvalgisiga qaraganda 3 o‘ringa yaxshilangan. 

Reytingda biror davlat qancha yuqori pozitsiyani egallasa, u shunchalik xavfli deb hisoblanadi.

Tadqiqotga ko‘ra, Belarus va Turkmaniston MDH davlatlari orasida eng xavfsiz davlatlar deb topilgan. Ushbu ikki davlat yana 24 davlat bilan bir qatorda oxirgi o‘rinni egallagan. Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston 85-o‘rinni, Qirg‘iziston 87-o‘rinni egallagan. Tojikiston 50-o‘rin bilan Markaziy Osiyoda terrorchilik tahdidi eng yuqori bo‘lgan davlat deb topilgan. 

Reytingga hammasi 138 ta davlat kiritilgan bo‘lib, MDH davlatlaridan Armaniston, Ozarboyjon, Rossiya, Qozog‘iston va Ukraina reytingda o‘z pozitsiyalarini yaxshilab olgan.     

Afg‘oniston, Iroq, Nigeriya va Suriya esa eng xavfli davlatlar deb topilgan. Ro‘yxatning yuqori o‘ntaligiga, shuningdek, Pokiston, Somali, Hindiston, Yaman, Filippin, Kongo kiritilgan. 

Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida Britaniya terrorchilik hujumlariga eng ko‘p uchrashi mumkin bo‘lgan davlat deb topilgan. U ro‘yxatda 28-o‘rinni egallagan.
 
Dunyoning yirik davlatlaridan AQSh ro‘yxatda 22-o‘rinni, Rossiya 37-o‘rinni, Xitoy 42-o‘rinni egallagan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top