12:58 / 23.11.2019
0
5064

 Ayol-qizlar uchun ilk ITWomenUz tanlovi o‘tkazilmoqda

O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan ITWomenUz loyihasi doirasidagi tanlovga start berildi.

Joriy yilning 22 noyabr kuni ITWomenUz loyihasining yakunlovchi tanlov bosqichi boshlandi. Bunda 30dan ziyod guruhlarga birlashgan xotin-qizlar IT mahsulot yaratish bo‘yicha bellashadi.

ITWomenUz loyihasi ayol-qizlarni axborot texnologiyalari sohasidagi faolligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, “Besh muhim tashabbus” dasturining uchinchisi ─ xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash tashabbusi ijrosi doirasida tashkil etilgan. 19 avgust kuni start olgan loyiha uch bosqichda amal qildi.

Loyihada ishtirok uchun ariza topshirgan 160dan ziyod xotin-qizlar bir hafta davomida o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarda mobil ilovalar yaratish, veb-sayt tayyorlash, kompyuter grafikasi, dizayn, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish bo‘yicha o‘qitildi. So‘ngra o‘z bilimlarini amalda qo‘llashlari uchun uch hafta davomida amaliyotga jalb qilindi.

Loyihaning ikkinchi bosqichida ishtirokchilar guruhlarga biriktirilib, mentorlar boshchiligida IT mahsulot ishlab chiqish, IT loyiha yaratish bilan shug‘ullanishdi. Eng muvaffaqiyatli ishlar loyihaning uchinchi bosqichi ─ tanlov uchun saralab olindi.

Loyihaning yakunlovchi bosqichiga o‘tgan ishtirokchilar “Eng yaxshi mobil ilova”, “Eng yaxshi veb-sayt”, “Eng yaxshi dasturiy mahsulot”, “Eng yaxshi elektron plakat” nominatsiyalari bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi.

Tanlovni ochib bergan bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova ayol-qizlarni IT sohasiga jalb qilish ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda muhimligini ta'kidladi.

“Bu loyihani amalga oshirish orqali tezgina natijaga erishamiz, axborot sohasida ishlaydigan ayollarning soni o‘sib ketadi, deb o‘ylagandik. Ammo ko‘rdikki, bu juda murakkab jarayon. Ilm ikki-uch kunda bo‘lib qolmaydi, uning o‘z murakkabliklari bor. Ayol-qizlarga IT sohasining past-balandini tushuntirish uchun ancha ter to‘kildi. Xotin-qizlar axborot texnologiyalari sohasida ko‘nikmalarga ega bo‘lish orqali jamiyatda faollikka erishishlari, oila uchun qo‘shimcha daromad keltirishlari, ishlayotgan tashkilotlarining rivojlanishiga hissa qo‘shishlari mumkin”, ─ deydi Elmira Bositxonova.

Tanlovda O‘zbekistonga tashrif buyurgan turistlar uchun qo‘llanma veb-sayt, barcha vazirliklar haqidagi ma'lumotni jamlovchi mobil ilova, is gazidan zaharlanishga yo‘l qo‘ymaydigan detektor dastur, uy sharoitida fitnes bilan shug‘ullanish imkonini beruvchi mobil ilova kabi IT mahsulotlari taqdim etilgan.

Xotin-qizlar qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekistonda 28 ming 323 nafar dasturchi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning 8 ming 383 nafarini (29,5) foizi xotin-qizlar tashkil etadi.

ITWomenUz loyihasi ishtirokchilari orasidagi tanlov g‘oliblari 4 dekabr kuni tantanali ravishda taqdirlanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top