21:40 / 24.11.2019
2
17403

«Mahallamiz o‘gaymi?» - hazoraspliklar maishiy sharoitlar og‘irligidan shikoyat qilishdi

Xorazm viloyati Hazorasp tumani markazidagi «Oybek» mahallasining bir qismida yashovchi fuqarolar kommunal xizmatlar sifati pastligi tufayli bir necha yillardan beri aziyat chekishayotganidan shikoyat qilishdi. Odamlar gaz, elektr energiyasi, suv ta'minoti va boshqa maishiy qulayliklar bilan bog‘liq muammolar hal etilishini istashmoqda.

«Oybek» mahallasining Feruz ko‘chasi

Hazorasp tumani markazida joylashgan «Oybek» mahallasida 410 xonadonda qariyb 2 mingga yaqin kishi istiqomat qiladi. 2016 yilda mahalla tabiiy gaz tarmog‘idan uzib qo‘yilgan. Mutasaddi tashkilotlar bunga Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 18 aprelda o‘tkazilgan yig‘ilishida qabul qilingan 44-sonli bayonnomani sabab qilib ko‘rsatmoqda. Unda gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarni gaz ta'minotidan uzish, ko‘mir va suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta'minlash qayd etilgan. Bayonnoma ilovasida «Oybek» mahallasi ham ko‘rsatilgan.

Gaz tarmog‘iga ulangan va ulanmagan ko‘chalarni bitta zaxkash ajratib turibdi

Biroq, ayni paytda mahallaning bir qismi gaz tarmog‘iga ulangan va yuqori bosimli gazdan bemalol foydalanmoqda. Qolgan qismi, xususan Feruz va Avaz O‘tar ko‘chalari esa gaz tarmog‘idan uzilgan. Bu yerdagi aholi kuz-qish mavsumida ko‘mir, o‘tin, tappi kabi qo‘lbola yoqilg‘idan foydalanib kelmoqda. Suyultirilgan gaz faqat ovqat qilish, choy qaynatish uchun ishlatilyapti. Odamlar uylarining 1-2 xonasini bir amallab isitib, shu xonalarga qamalib olib, sovuq kunlarni o‘tkazishyapti. Feruz va Avaz O‘tar ko‘chalari aholisi xonadonlarini gaz tarmog‘iga ulab berilishini bir necha yillardan beri so‘rashmoqda.

«Hududgaz Xorazm» MChJ rahbariyati bergan ma'lumotga ko‘ra, yuqorida ko‘rsatilgan 44-sonli bayonnomada «Oybek» mahallasi gaz tarmog‘idan to‘liq uzilishi ko‘rsatilgan. Bu Hazorasp tumani uchun ajratilgan gaz limiti kamligi bilan bog‘liq. Agar mahallaning ba'zi ko‘chalari gaz tarmog‘iga ulangan bo‘lsa, demak bu ishlar noqonuniy qilingani aytilmoqda.

Zaxkashning o‘ng tomonida gaz bor, chap tomonida yo‘q

Qayd etish joizki, 2016 yilda Hazorasp tumani hokimligi gaz ta'minotida muammo yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan hududlar ro‘yxatini tuzgan va unga «Oybek» mahallasini ham kiritgan. Keyinchalik, shu ro‘yxatdagi hududlar Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishi bayonnomasi bilan gaz tarmog‘idan uzilishi tasdiqlangan. Ammo bu ro‘yxatni tuzish jarayonida mahalladagi vaziyat chuqur o‘rganildimi, gaz tarmog‘idan uzib qo‘yish oqibatlari tahlil qilindimi degan haqli savollar tug‘iladi.

Birinchidan, «Oybek» mahallasini, xususan Feruz va Avaz O‘tar ko‘chalarini gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlar deb bo‘lmaydi. Tarmoqqa ulanib olgan ba'zi xonadonlarda gaz bosimi juda yaxshi va hatto odamlar uni biroz pasaytirib berishni ham iltimos qilishgan.

Ikkinchidan, aholi zich yashaydigan joylarda (ayniqsa shaharlar va tuman markazlarida) biror mahalla gaz ta'minotidan uzib qo‘yilishi bir qancha salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Gaz yo‘qligi sababli xonadon egalari ko‘mir, o‘tin va qo‘lbola tappi yoqishyapti. Natijada, kechga yaqin hammayoqni sassiq hidli tutun qoplab, odamlarning nafas olishi qiyinlashib, ko‘chada yurishning iloji bo‘lmay qolyapti. Bu holat aholi salomatligiga ham zarar yetkazmoqda. Nahotki bu aholi yashaydigan joylarda atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha sanitariya me'yorlari va qoidalariga to‘g‘ri kelsa?

Gaz muammosiga so‘nggi so‘z sifatida ta'kidlaymizki, tanqiddan maqsad «Oybek» mahallasini gaz tarmog‘idan to‘liq uzib tashlash emas. Balki, barcha ko‘chalar tabiiy gaz bilan ta'minlanishi, bu borada avvalgi qabul qilingan bayonnomalar qayta ko‘rib chiqilishi, tabiiy gaz uchun qo‘shimcha limit ajratilishi va kuz-qish mavsumida aholining farovon hayot kechirishiga sharoit yaratib berilishini istaymiz. Shaharlar va tuman markazlari aslo gazsiz qolmasligi kerak.

Eskirib ketgan transformator

«Oybek» mahallasining Feruz ko‘chasi aholisi elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlardan bezib ketgan. Hududda juda eskirib ketgan transformator ishlab turibdi. Tabiiyki, yomg‘ir, qorli, sovuq kunlarda mahalla elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda. Shikoyatga ko‘ra, bugungi kunda sutkasiga atigi 4-5 soat elektr energiyasi berilyapti, xolos.

Ichimlik suvi uzoq masofadan tashib keltirilmoqda

Feruz ko‘chasidagi uylar toza ichimlik suvi tarmog‘iga ulanmagan. Odamlar yer ostidan olinadigan sifatsiz va sho‘r suvni iste'mol qilishga majbur. Vaholanki, qo‘shni ko‘chalar suv tarmog‘iga ulangan. Ayollar shu yerlardan ichimlik suvini chelaklab qatnashga majbur bo‘lishmoqda. Bu muammo ham aholi uchun noqulaylik keltirib chiqarmoqda.

Chiqindi to‘plash o‘chog‘i bor, ammo unga chiqindi tashlash taqiqlangan

Mahalla hududidan maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketish ham yo‘lga qo‘yilmagan. Yangi chiqindi tashlash o‘chog‘i qurilgan bo‘lsa-da, undan foydalanish taqiqlangan – chunki maxsus konteynerlar yo‘q. Natijada, chiqindilar duch kelgan joyga, hatto zaxkash va zovurlarga tashlanmoqda, o‘z vaqtida olib chiqib ketilmayapti, shunchaki yoqib yuborilyapti xolos.

«Oybek» mahallasining bir qismidagi hayot shunday tarzda kechayotganini ko‘rdik. Kommunal xizmatlar sifatidan norozi, maishiy qulayliklardan mahrum odamlar - «Nahotki biz o‘gay mahalla bo‘lsak?!», degan savolni o‘rtaga qo‘yishmoqda. Kuz-qish mavsumida esa aholini qiynab kelayotgan muammolar o‘tkir tusni olyapti. Mahalla aholisining turli tashkilotlarga qilgan shikoyatlari va ulardan kelgan, turli bahonalarga to‘la javob xatlari bir dastaga yaqinlashdi. Ammo, mashhur masalda aytilganidek: «Lekin yuk qo‘zg‘almas joyidan hanuz!». Afsuski, muammolarning yechimi qog‘ozdagi va'dalarda qolib ketyapti. 

Nurmuhammad Said

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top