12:25 / 24.11.2019
0
4827

Tanzila Norboyeva MDH Parlamentlararo Assambleyasi majlislaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi

22 noyabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi Tavriya saroyida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasining 50-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda 11ta model qonun hujjati qabul qilindi. Tadbir yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi.

Yalpi majlisda O‘zbekiston parlamenti a'zolari delegatsiyasi nomidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva so‘zga chiqdi.

Senat raisi O‘zbekiston Parlamentlararo Assambleyani muhim parlamentlararo birlashmalardan biri deb hisoblab, unda o‘z a'zoligini tiklagani, bu esa mazkur birlashma ishtirokchi mamlakatlari parlamentlari o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochganini, respublikaning boshqa davlatlar bilan ko‘p tomonlama va samarali hamkorligi, shu jumladan parlament aloqalari sezilarli darajada kengayib borayotganini ta'kidladi.

«Senat Raisi MDH PA ishtirokchi davlatlar parlamentlari oldiga qo‘yilgan hamda xavfsizlikni ta'minlashga, barqaror rivojlantirishga va xalqlar ravnaqiga qaratilgan vazifalarni amalga oshirish uchun noyob maydon ekanini ta'kidladi.

Assambleya ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishga faol va samarali ko‘maklashibgina qolmay, jahon parlamentarizmi tizimida munosib o‘rin egallashi, mamlakatlarga xos bo‘lgan parlamentarizm prinsiplarini targ‘ib qilishda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.

PA vazifalarini bajarish maqsadida ishlarni birgalikda davom ettirishga tayyorlik bildirildi. Parlamentlararo Assambleyaning kun tartibi har doim ham ancha keng qamrovli bo‘lishi, ko‘rib chiqilayotgan masalalar esa barcha mamlakatlar uchun dolzarb ahamiyat kasb etishi, shuningdek ular mazkur mamlakatlar qonunchilik bazasini takomillashtirishga, parlament a'zolari o‘rtasida tajriba almashishga, PA xalqaro nufuzini yanada oshirishga ko‘maklashishi ta'kidlandi.

Shuni hisobga olgan holda O‘zbekiston MDH Parlamentlararo Assambleya doirasida dolzarb muammolarni o‘z vaqtida hal qilish, o‘zaro ishonch va anglashuvni mustahkamlash, mamlakatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun o‘z oldiga aniq maqsadlarni qo‘yishi qayd etildi.

Yoshlar harakati, turizm, ekologiya, axborot texnologiyalarini rivojlantirish va boshqa masalalarni amalga oshirish bo‘yicha PAning model qonun hujjatlarini, tashabbuslarini shakllantirish amaliyoti qo‘llab-quvvatlanishi bildirildi.

Oliy Majlis Senati Raisi O‘zbekiston oxirgi yillarda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘zining yangi ichki va tashqi siyosatini muvaffaqiyatli amalga oshirayotganini ta'kidladi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda mamlakat parlamenti muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, parlament diplomatiyasiga, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishga ham jiddiy e'tibor qaratilmoqda. 

O‘zbekiston 2020 yilda Hamdo‘stlikda raislikni qabul qilishga va MDHning navbatdagi sammitini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu borada shu yil oktabr oyida Ashxobod shahrida o‘tkazilgan MDH sammitida O‘zbekiston belgilab bergan ustuvorliklar hisobga olingan holda Raislik qilish konsepsiyasi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha Tadbirlar rejasi tayyorlandi va tasdiqlandi.

Ustuvorliklar Hamdo‘stlikni rivojlantirishga va uning xalqaro nufuzini yanada oshirishga, shuningdek xavfsizlik, savdo-iqtisodiy aloqalar va ishlab chiqarish kooperatsiyasi, transport kommunikatsiyalari va logistika, fan hamda texnika, innovatsiyalar, madaniyat, turizm, ta'lim, sog‘liqni saqlash kabi sohalarda a'zo davlatlar hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan dolzarb muammolarni hal etishni nazarda tutishi ta'kidlandi.

Bu ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirishga qaratilgan ishlar MDH PA doirasida faol va samarali o‘zaro hamkorlik olib borishni nazarda tutishi qayd etildi.

Shu munosabat bilan Tanzila Norboyeva O‘zbekiston MDHda raislik qilishi doirasida PAning majlislaridan birini mamlakatimizda o‘tkazishni taklif qildi.

Senat Raisi o‘z nutqida O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqi taraqqiyparvar insoniyat bilan birga Ikkinchi jahon urushida faol ishtirok etganini, fashizm ustidan qozonilgan Buyuk g‘alabaga munosib hissa qo‘shganini alohida ta'kidladi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston G‘alabaning 75 yilligini nishonlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqdi, O‘zbekiston prezidentining Ikkinchi jahon urushida erishilgan G‘alabaning 75 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Bu qaror ushbu muhim voqeani o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturini o‘z ichiga oladi.

Toshkent shahrida «Matonat madhiyasi» xotira majmuasi bilan birga G‘alaba bog‘ining qurilishi yorqin tadbirlardan biri hisoblanadi. Bu va boshqa tadbirlar nafaqat O‘zbekistonda, balki MDHning barcha mamlakatlarida yosh avlodni vatanparvarlik, do‘stlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash ruhida tarbiyalash uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Senat Raisi Parlamentlararo Assambleya yalpi majlisida qabul qilingan qarorlar MDH PA doirasida O‘zbekiston hamkorligini yanada rivojlantirish va samaradorligini oshirishda muhim qadam bo‘lishiga ishonch bildirdi», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati axborot xizmati xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top