16:30 / 24.11.2019
0
13378

YHX Bosh boshqarmasi haydovchilarni yo‘llardagi muzlamalardan ogohlantirdi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi YHX Bosh boshqarmasi ob-havo keskin sovib ketgani munosabati bilan yo‘l harakati qatnashchilarini yo‘llarda harakatlanishda ehtiyotkorroq bo‘lishga chaqirdi.

«Hurmatli yo‘l harakati ishtirokchilari! Kelayotgan hafta davomida respublikamiz hududida ob-havoning keskin o‘zgarishi, qor yog‘ishi va avtomobil yo‘llarida muzlamalar hosil bo‘lishi, havo haroratining keskin sovib ketishi kutilmoqda. Bu esa yo‘l harakati qatnashchilari uchun bir qator noqulayliklar keltirib chiqarishi, yo‘l-transport hodisalari sodir etilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ayniqsa, kunduz kuni qor va muz erishidan hosil bo‘lgan suvlar tungi vaqtda qayta muzlab sirpanchiq hosil qilishi mumkinligini unutmang. Biz barcha haydovchilardan transport vositasini boshqarish paytida murakkab ob-havo sharoitini hisobga olishni, zarurat bo‘lmaganda tungi vaqtda harakatlanmaslikni, ayniqsa tezlik talablariga qat'iy amal qilishni, piyodalardan yo‘lni kesib o‘tishda o‘ta hushyor bo‘lishni, kattalardan yo‘llarda bolalarning harakatini nazoratga olishni so‘raymiz.

Dovon yo‘llaridan harakatlanayotgan haydovchilardan yanada hushyorroq bo‘lishni, dovonga chiqishda yetarlicha miqdorda yonilg‘i zaxirasiga ega bo‘lishni, isitish tizimi, oyna tozalagichlari nosoz bo‘lgan, yaroqsiz shinalar o‘rnatilgan transport vositalaridan foydalanmaslikni so‘raymiz», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi IIV YHX Bosh boshqarmasi xabarida.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top