13:13 / 25.11.2019
0
20218

Dori preparatlarining xavfli kombinatsiyalari ro‘yxati e'lon qilindi

Foto: Shutterstock

Davolash-profilaktika muassasalarida dori preparatlarini va tibbiy buyumlarni tayinlash hamda bemorning dori vositalarini qabul qilish, saqlash va qo‘llash tartibi e'lon qilindi. Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Tegishli nizomga ko‘ra, davolash-profilaktika muassasalarida sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori preparatlari va tibbiy buyumlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini qabul qilish, saqlash va qo‘llash taqiqlanadi.

Davolash-profilaktika muassasalarida dori preparatlarining va tibbiy buyumlar tayinlanishi hamda bemorning dori preparatlarini qabul qilish, saqlash va qo‘llash bo‘yicha nazorat O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi

Mulkchilik shakli va idoraviy taalluqliligidan qat'i nazar tibbiyot muassasalarida belgilangan tartibda bemorga retsept bilan beriladigan dori vositalarini retsepsiz rasmiylashtirish taqiqlanadi.

Bemorga tayinlangan dori preparatlari (dori preparatlarining nomi, bir kunlik dozasi, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davomiyligi va boshqalar) uning tibbiy hisob hujjatlari (kasallik tarixi, ambulatoriya kartasida) qayd qilinadi va bevosita davolovchi shifokor tomonidan imzolanadi.

Dori preparatlari, shu jumladan, dorixonalarda ekstemporal usulda tayyorlanadigan dori preparatlari va tibbiy buyumlarini davolovchi shifokor tomonidan o‘z imzosi bilan tasdiqlangan qog‘oz ko‘rinishidagi retsept blankida va/yoki davolovchi shifokorning o‘z elektron imzosi bilan tasdiqlangan elektron hujjat shaklidagi retsept ko‘rinishida bemor nomiga rasmiylashtiriladi.

Davolash-profilaktika muassasalarida bemorlarga dori preparatlarini tayinlash tashxis va davolash standartlari asosida bir martalik, kunlik va kurs dozalarini aniqlash orqali kasallikning turi, og‘irligi va xususiyatiga hamda bemorning yoshini hisobga olgan holda davolovchi shifokor tomonidan amalga oshiriladi.

Quyidagi hollarda bemorga tayinlangan dori vositalarining asosliligi davolash-profilaktika muassasasining bo‘lim mudiri yoki navbatchi shifokori yoxud klinik farmakologi bilan kelishilishi lozim:

bemorga bir vaqtning o‘zida besh va undan ortiq dori vositalari tayinlanganda;

asosiy kasallikning asoratlari yoki hamroh kasalliklari mavjud bo‘lganda;

dori vositalarining xavfli kombinatsiyalari mavjud bo‘lganda.

Ushbu hollarda tayinlangan dori vositalarining asosliligi bemorning tibbiy hujjatlarida qayd etilishi va ushbu tibbiy hujjatlar bevosita davolovchi shifokor hamda mazkur bandning birinchi xatboshisida ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan ham imzolanishi lozim.

Davolovchi shifokor davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda davolanayotgan bemorga ushbu muassasada mavjud bo‘lmagan dori vositalari va tibbiy buyumlarni ham tayinlashi mumkin.

Tibbiy ko‘rsatmalar bo‘lgan holatda (hayotiy ko‘rsatmalari bo‘yicha, individual ko‘tara olmaslik) Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tashxis va davolash standartlariga kirmagan, ushbu muassasada mavjud bo‘lmagan dori vositalarini konsilium asosida tayinlanadi va tibbiy hujjatlarda qayd etiladi.

Davolash-profilaktika muassasasining davolovchi shifokori tomonidan dori preparatlari retsept asosida tayinlanganda, retseptda shifokorning farmatsevt xodimga dori preparatining tarkibi, shakli, uni tayyorlash va berish haqidagi yozma ko‘rsatmasi lotin tilida, dori preparatlarini qo‘llash usuli esa o‘zbek yoki rus tilida ko‘rsatilishi shart.

Retsept bemorga uning yoshi, dori preparatini xalqaro patentlanmagan yoki kimyoviy nomi, murakkab tarkibli dori preparatlari uchun savdo nomi, dori preparati ekstemporal usulida tayyorlanganida uning tarkibiga kiruvchi dori preparatlarining nomlari, shuningdek ularning dozasi, davriyligi, qabul qilish vaqti va davomiyligi, oziq-ovqat bilan o‘zaro ta'sirlashuvchi dori preparatlari (ovqatdan oldin, ovqatlanish vaqtida, ovqatdan keyin) ko‘rsatilgan holda retsept blankiga muvofiq beriladi.

Bunda retseptda tayinlangan dori preparatlari (dori preparatlarining nomi, bir kunlik dozasi, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davomiyligi va boshqalar) retseptning yirtma koreshogida ham bir-biridan farqlanmaydigan holatda ko‘rsatilishi shart.

Davolovchi shifokor tomonidan davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda davolanayotgan bemorga retseptda oziq-ovqatlar bilan o‘zaro ta'sirlashuvchi dori preparatlari (ovqatlanishdan oldin, ovqatlanish vaqtida, ovqatlanishdan keyin) qo‘llanilishi bo‘yicha ma'lumotlar ko‘rsatilishi shart emas.

Davolanayotgan bemor (bemorning qarindoshlari yoki uning sog‘lig‘idan xabar oluvchi boshqa shaxslar)ga dori vositalari va/yoki tibbiy buyumlariga retsept berilganligi haqidagi ma'lumotlar uning tibbiy hujjatlarida qayd etiladi.

Davolovchi shifokor tomonidan quyidagi holatlarda dori vositalariga retsept rasmiylashtirilishi taqiqlanadi:

mijozning tibbiy ko‘rsatmasi bo‘lmagan holatlarda;

O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan dori preparatlariga;

faqat tibbiyot muassasalarida qo‘llashga mo‘ljallangan dori preparatlari, shu jumladan narkoz vositasi sifatida ishlatiladigan dori preparatlariga;

Davolash-profilaktika muassasalarida dori preparatlari va tibbiy buyumlarni tayinlash tartibi to‘g‘risida Nizomning 5-ilovasiga muvofiq “Bir-biriga nomutanosib dori vositalari ro‘yxati”da ko‘rsatilgan dori vositalariga.

Dori preparatlarining xavfli kombinatsiyalari ro‘yxati

I. Dori preparatlarining hayot uchun xavfli kombinatsiyalari:

 1. Rux-kortikotropin + vaksinalar.

 2. Kortikosteroidlar + vaksinalar.

 3. Trankvilizatorlar + depressiyaga qarshi monoaminooksidaza ingibitorlari (nialamid).

4. Fenamin va uning hosilalari + depressiyaga qarshi monoaminooksidaza ingibitorlari.

5. Antibiotiklar-aminoglikozidlar + miorelaksantlar.

 6. Depressiyaga qarshi monoaminooksidaza ingibitorlari va tiamin bilan boyitilgan mahsulotlar (pishloq) + adrenomimetik vositalar (adrenalin).

 7. Furosemid + angishvonagul preparatlari.

 8. Furosemid + mushak relaksantlari.

 II. Dori preparatlarining zaharli kombinatsiyalari:

 1. Uregit + og‘iz orqali qabul qilinuvchi kontratseptivlar.

 2. Uregit, furosemid + antibiotiklar-aminoglikozidlar (streptomitsin sulfat).

 3. Aminazin + atropin, platifillin va uning hosilalari.

 4. Aminazin + yurak glikozidlari (tromboembolik asoratlar).

 5. Angishvonagul preparatlari + mushak relaksantlari.

 6. Indometatsin + vaksinalar.

 7. Barbituratlar + L-dopa.

 8. Oleandomitsin fosfat + og‘iz orqali qabul qilinuvchi kontratseptiv preparatlar.

 9. Penitsillin + dopegit.

 10. Xinidin + angishvonagul preparatlari.

 11. Xinidin + rezerpin.

 12. Prednizolon + atsetilsalitsil kislotasi.

 13. Tsianokobolaminni uzoq muddatli parenteral yuborish.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top